“Sovg‘a-salom tashkillashtirmang va pul yig‘imlariga yo‘l qo‘ymang” — Viloyat MMTB rahbariyati ota-onalarga murojaat qildi
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shokir Sultonov va boshqarma mas’ul xodimlari Matbuot uyida tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsion holatlarining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha “Ochiq muloqot” o‘tkazdi.
Ta’kidlanishicha, korrupsiyaga moyillik illati mazkur tizimni ham chetlab o‘tmagan. Joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida korrupsiya bilan bog‘liq ikkita holat qayd etilgan.
Jumladan, iyun oyida viloyat IIB tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Samarqand shahridagi maktablardan birida direktor o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxs fuqaroga eksternat tartibida shahodatnoma olib berishni va’da qilib, 200 AQSh dollarini maktab hududida olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqarma rahbariga ko‘ra, bugungi kunda korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida tizim tashkilotlarida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.
Muloqot so‘ngida boshqarma boshlig‘i ota-onalarga murojaat qildi. “Aksariyat holatlarda maktablarda sovg‘a berish tashabbusi aynan ota-onalar tomonidan chiqayotganligini inobatga olib, sizlardan maktab rahbarlari va o‘qituvchilarga bayramlar va tug‘ilgan kunlar bahonasida sovg‘alar tashkil qilmaslikni, turli xil pul yig‘imlariga yo‘l qo‘ymaslikni so‘raymiz. O‘qituvchi uchun shogirdining muvaffaqiyati eng katta sovg‘a”, deyiladi murojaatda.