Maktabgacha ta’lim boshqarmasi: bog‘chalarda ko‘mir va oziq-ovqat zaxirasi bor, ammo ishlatishda muammo chiqmaydi deyolmaymiz
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Zayniddin Jo‘rayevga ko‘ra, MTMlarda hozirgi vaqtda kukun tarqatilmaydi, hatto briketdan ham voz kechilgan.
Sifatli ko‘mir yetkazishdagi muammolar barham topgan. Oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi bilan ham ta’minlanyapti. Ammo ularni ishlatishda muammo chiqmaydi deb bo‘lmaydi. Shuning uchun boshqa sohada bo‘lgani kabi bu tizimda ham jamoatchilik nazorati kerak.
Bu haqda Zayniddin Jo‘rayev jurnalistlar bilan o‘tkazilgan muloqotda so‘zlab berdi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining 299 tasi tabiiy gaz, 396 tasi ko‘mir yoqilg‘isi va 3 tasi elektr energiyasi bilan isitiladi. Ko‘mirdan foydalaniladigan bog‘chalarga jami 5 ming 249 tonna yoqilg‘i yetkazib berilgan.
Bugungi kunda viloyatdagi 52 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 2 130 kv.m tom qismi, 538 kv.m oynalari, 1 408 kv.m eshik va deraza romlari to‘liq yangisiga almashtirilib, isitish tarmoqlarining 394,12 kilometr qismi bosim ostida yuvilgan.