O‘zbekistonda maktabgacha ta’limga yangicha yondashuv Euronews muxbiri nigohida
Zilola Masharipovaning ish kuni shunday boshlanadi: erta tongda u maktabgacha yoshdagi bolalarga dars berish uchun Dashyok qishlog‘iga yo‘l oladi. O‘nlab shunday avtobuslar O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanadi. Bu mamlakatning ko‘plab tashabbuslaridan biri bo‘lib, global maqsad - barcha bolalar uchun istisnosiz sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatini ochishdir.
Euronews muxbiri Galina Polonskaya Zilola bilan birgalikda bolalar maktabga yangicha tarzda tayyorlanayotganini ko‘rish uchun O‘zbekistonning eng chekka viloyatlaridan biri Xorazm bo‘ylab sayohatini boshlaydi. Zilolaning aytishicha, bunday mobil o‘quv guruhlarining imkoniyati katta.
- Ko‘chma o‘quv guruhlari sa’y-harakatiga binoan 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qishloqlarning eng chekka hududlarida ham sifatli maktabgacha ta’lim olish imkoniyatiga ega. Ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar boshlang‘ich ta’lim olish imkoniyatlari shahardagidan kam emas, - deydi “Aqlvoy” maktabgacha ta’lim ko‘chma guruhi o‘qituvchisi Zilola Masharipova.
Bu yerda bolalarni maktabga tayyorlov guruhining paydo bo‘lishi ota-onalar orzusining ushalishidir.
2012 yilda O‘zbekistonda bolalarning 23 foizi, qishloq joylarda esa atigi 8,5 foizi maktabgacha ta’lim olgan edi. 2017 yilda keng ko‘lamli islohotlar boshlandi va hozirda bolalarning 60 foizdan ortig‘i qamrab olingan. Maktabgacha ta’lim 6 yoshdan boshlab majburiy bo‘ldi. Mamlakatda olti yoshli bolalar uchun bepul sirtqi guruhlar ochilmoqda. Bola rivojlanishiga yangi, shaxsiga yo‘naltirilgan yondashuv birinchi o‘rinda turadi. Hasyan qishlog‘ida yaqinda ochilgan maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lib, uning qanday ishlayotganiga guvoh bo‘ldik. Qaysi o‘yinlar o‘ynash va qanday bilim olishni bolalarning o‘zlari tanlaydi.
Biz bolalar rivojlanishining yana bir muqobil modeli bo‘lgan - “O‘yin guruhi” qanday ishlashini ko‘rish uchun Xorazm viloyatining yana bir qishlog‘i – Shixmaxshodda bo‘ldik. Bu yerda ham asosiy so‘z – o‘yin. O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim islohotini qo‘llab-quvvatlayotgan BMT Bolalar jamg‘armasi, YuNISEF ko‘magida O‘zbekistonda 8 ta shunday guruhlar ochildi.