Bulung‘urda bolalarning bog‘chalarga qamrovi 75 foizga yetkaziladi
Bu haqda viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirokida tashkil etilgan etilgan press-turda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Fazogir Hotamov ma’lum qildi.
- Tumanda 129 ta oilaviy nodavlat, 7 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 29 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud, - deydi F.Hotamov. - Ularda uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan 17 ming 600 nafar bolalar tarbiyalanmoqda. O‘tgan yil tumanda 67 ta, shu yilning o‘tgan davrida 2 ta oilaviy bog‘cha ochilib, bolalarni bog‘chaga qamrab olish ko‘rsatkichi 69,9 foizga yetdi. Yil yakuniga qadar yana 15 ta maktabgacha ta’lim tashkilotini ochib, qamrov ko‘rsatkichi 75 foizga yetkaziladi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning “Happy I” xayriya fondi Bulung‘urda 5 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish, uni o‘quv qurollari va o‘yinchoqlar bilan ta’minlash, xodimlarning malakasini oshirish ishlarini zimmasiga olgan.
Press-tur davomida ishtirokchilar davlat-xususiy sheriklik asosidagi “Bilag‘on” hamda 6- va 34-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan tanishdi.