Samarqandda mentorlar uchun maxsus trening boshlandi

Samarqand shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan YuNISEF hamda Islom taraqqiyot banki bilan hamkorligida maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan milliy trenerlar va trener-mentorlar uchun hududiy trening o‘z ishini boshladi.

Tadbirda Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining maktabgacha ta’lim yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 30 nafar mentor-o‘qituvchilari ishtirok etmoqda.

9–11 sentyabr kunlari davom etadigan trening doirasida ishtirokchilarning mentorlik faoliyati bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga metodik xizmat ko‘rsatish va ta’lim sifatini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i Gulbahor Parpiyeva, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yo‘ldoshev, UNICEFning O‘zbekistondagi Ta’lim bo‘yicha rahbari Janob Alberto Biansoli so‘zga chiqib, yurtimizda maktabgacha ta’lim sohasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, sohani yanada rivojlantirish, ta’lim-tarbiya sifatini oshirish va pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirishda tizim xodimlarining mas’uliyati muhim ekanini ta’kidlab, trening ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.

Treningning dastlabki kuni ishtirokchilar mentorlikda professional yondashuv va mentorlik identifikatsiyasi, O‘zbekistonda mentorlik tizimi, mentor kompetensiyalari doirasi, mentorlik tushunchasi va uning asosiy vazifalari kabi mavzular bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshiradilar.

Treningning ikkinchi kuni mentorlik siklining dastlabki to‘rt bosqichi — tashrifga tayyorgarlik, darsni kuzatish, refleksiv muloqot hamda konstruktiv fikr-mulohaza berish jarayonlariga bag‘ishlanadi.

Mashg‘ulotlarda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy topshiriqlar, vaziyatli mashqlar va real mentorlik jarayonlariga yaqin ssenariylar asosida ishlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Treningning asosiy maqsadi — hududlarda faoliyat olib borayotgan mentorlarning kasbiy kompetensiyalarini yanada rivojlantirish, ularning pedagoglarga samarali metodik ko‘mak ko‘rsatish ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda mentorlik jarayonini sifatli tashkil etishga xizmat qiladigan yagona yondashuvlarni shakllantirishdan iborat.