Qori Niyoziy kim bo‘lgan edi?

Tabiiyki, bu ulug‘ millatdoshimiz hayoti va faoliyati haqida ko‘pchilik yaxshi bilmaydi. Vaholanki, bu inson o‘z davrining chinakam allomasi hisoblangan va hozirda ham ilm ahli o‘rtasida juda katta qadrga ega.
 
Toshmuhammad Qori Niyoziy nafaqat ilmga tashnaligi, aql-zakovati, balki yuksak tashkilotchilik qobiliyati bilan ham o‘z zamonasi kishilarini hayratga solgan. Garchi 1897 yilda Xo‘jand shahrida tug‘ilgan bo‘lsa-da, Farg‘ona vodiysida jadidlar bilan hamkorlikda juda ko‘plab yangi maktablar ochib, mahalliy millat farzandlariga ta’lim bergan. Xususan, o‘tgan asrning 20-yillarida Farg‘onada birinchi bor pedagogika texnikumini tashkil etib, unda 13 nafar iqtidorli yoshlarni o‘sha davr ruhiga mos ravishda kamolga yetkazgan. “O‘n uch qaldirg‘och” iborasi butun Turkiston bo‘ylab qanot qoqqan. Biz uchun faxrlisi shundaki, ana shu qaldirg‘ochlarni biri – professor Ulug‘ Tursunov aynan Samarqandda faoliyat ko‘rsatgan. Bugun tahririyatimiz joylashgan bino ham u kishining nomi bilan ataladigan ko‘chada.
Qori Niyoziy aqlu zakovatda misli ko‘rilmagan natijalarga erishadi. Fizika-matematika fanlari bo‘yicha o‘zbeklardan birinchi bo‘lib professor darajasiga yetadi. Tarix, mantiq, jug‘rofiya, adabiyot fanlarini puxta egallagan. Uning eng katta jasorati Mirzo Ulug‘bek faoliyati hamda merosini chin tadqiq etib, butun jahonga namoyish qilganligidir.
Allomaning maqolalari chiqqan gazetalar, jurnallar o‘shanda qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilgan. Olim dunyoning o‘nlab davlatlarida, turli tillarda ma’ruzalar qilgan, saboqlar bergan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti sifatida ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan.
Albatta, ijtimoiy tarmoqlarda va tegishli manbalarda bu benazir ziyoli haqida ma’lumotlar bor bo‘lgani uchun ularga alohida to‘xtalib o‘tirmadim. Xususan, Qori Niyoziyning Ikkinchi jahon urushi arafasida Samarqandda Sohibqiron Amir Temur qabrini ochish bilan shug‘ullangan komissiyaga rahbarlik qilganini ham yaxshi bilamiz. U kishi Navoiy hazratlarining Moskvada bo‘lib o‘tgan yubileylarida ham tashkilotchi bo‘lgan. Kamina maktabdaligimda olimning «Hayot maktabi» degan kitobini o‘qiganman. Unda muallif yuksak insoniy fazilatlar xususida juda ko‘plab saboqlar keltirgan. Bundan tashqari, 1969 yilda olim ishtirokida bo‘lgan teleko‘rsatuv xotiramda qolgan.
…O‘shanda Qori Niyoziy davrada o‘tirgan shogirdlarning biridan «Kostyumingizning tugmasi nechta?», deb so‘radi. Tabiiyki, yosh olim o‘n qo‘li bilan kostyum tugmalarini ushlab ko‘rib, «to‘rtta» dedi. Keyin professor «Ko‘ylagingizning tugmasi nechta?», deb so‘radi. Shogird dovdirab qoldi. Chunki kostyumni yechib, ko‘ylak tugmasini sanab olishga imkon yo‘q edi. Shunda u kishi «E’tiborli bo‘ling, har kuni ko‘ylakni kiyib yechasiz, tugmalarni sanab qo‘ying», dedi.
Professor ikkinchi shogirdidan O‘zbekiston Davlat universitetida necha yildan beri o‘qiyotganini so‘radi. U besh yil fizika-matematika fakultetida tahsil olgani va besh yildan buyon shu fakultetda ishlayotganini aytdi.
– Juda yaxshi, bosh binoga har kuni kamida besh-olti marta kirib chiqasiz, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, ustoz.
– Unda aytingchi, ukajon, bosh binoga kirishdagi zinapoyalar soni nechta?
Albatta biz, tomoshabinlar uchun bu savol qiziqarli tuyulgan, lekin. Endi aqlim yetganda o‘sha yosh olim savolga javob berolmagani tufayli qanday holatga tushganligini tasavvur qilyapman.
Demoqchimanki, garchi u kishini ko‘rmagan, u kishi bilan suhbat qilmagan bo‘lsam-da, bu odamdagi zukkolik xotiramda mustahkam qolgan. «Hayot maktabi» kitobidagi boshqa ana shunday misollar ham har birimizni doimo o‘z harakatimiz haqida o‘ylab ko‘rishga undaydi.
Toshmuhammad Qori Niyoziy birinchi akademigimiz, ma’rifatli jadid, millat fidoyisi sifatida qadrlanmog‘i zarur. Kelasi yili allomaning 130 yilligi Samarqandda ham munosib nishonlansa yaxshi bo‘lardi. Chunki Mirzo Ulug‘bekdek yurtdoshimizning ijodini mukammal o‘rgangan va butun dunyoga tanitgan olim hurmatga munosibdir.

Farmon TOShEV.