Kambag‘allik chorasizlik emas yoki aholi daromadlari qay tariqa oshirilayotgani xususida ayrim raqamlar

Yaqinda davlatimiz rahbari ayni masala yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazdi. Tabiiyki, boshqalarda bu borada Samarqandda amalga oshirilayotgan ishlar haqida savollar tug‘ilgan. Shundan kelib chiqib bu boradagi ayrim ma’lumotlarni o‘rtoqlashishni lozim topdim.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bundan 5 yil avval kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha islohotlar boshlangan edi. O‘sha davrda viloyatimizda 140 mingta kambag‘al oila bo‘lib, kambag‘allik darajasi 14 foizni tashkil qilar edi.

O‘tgan davrda ularga 2,4 trillion so‘mlik (shundan 2,3 trillion so‘m imtiyozli kreditlar, 125 milliard so‘mlik ssuda va subsidiyalar) moliyaviy resurslar ajratildi. Natijada kambag‘allik darajasi 4,4 foizgacha tushirildi.

Joriy yilning 8 oyida 39,3 mingta oilaga 53,7 mingta xizmatlar ko‘rsatilib, yillik reja 126 foizga bajarildi. Xususan, 14,8 ming fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 4,9 ming fuqaroga 111 milliard so‘mlik imtiyozli kredit, 5,2 ming fuqaroga 19,1 milliard so‘m ssuda va subsidiya ajratildi. Shuningdek, 30 ming fuqaro tadbirkorlikka jalb qilindi, 2,6 ming fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi.

Prezidentimiz yaratib bergan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib aholini kambag‘allikdan chiqarishda bir qator tajribalardan keng foydalanilyapti.

Kartoshka import emas, eksport qilinadi

Oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlash hamda kartoshka importini qisqartirish bo‘yicha shu yil viloyatda 25,3 ming gektar (4 ming gektar tomorqa yerlarda, 16,3 ming gektar fermer xo‘jaliklarida, 5 ming gektar ijara yerlarida) kartoshka ekilib, 900 ming tonna hosil yetishtiriladi.

O‘tgan 8 oyda qo‘shni davlatlar (Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston) ga 70 ming dollarlik 500 tonna kartoshka eksportga chiqardik.

Ushbu yo‘nalishda birgina Bulung‘ur misolida aytadigan bo‘lsak, Prezidentimiz 6 ming gektar yer maydonida kartoshka yetishtirish bo‘yicha topshiriq  bergan edi. Shunga ko‘ra, “Bulung‘ur-Agro Star” bilan ishlar tashkil qilindi.

Bugungi kunda tumanda 17 ta mahallada 10,4 ming gektar (1,6 ming gektar aholi tomorqasi, 3,4 ming gektar dehqon xo‘jaligi, 5,5 ming gektar fermer xo‘jaligi yerlari) yer maydonlarida shundan, 2 ming gektarida Gollandiyadan yangi olib kelingan 6 ming tonna kartoshka urug‘i ekildi.

Shuningdek, Xo‘jamazgil hududida 40 gektar yer maydonlarida elita kartoshka urug‘lari ekilib, hozirda 20 gektar maydondan 700 tonna, gektariga 33-37 tonnadan arizona va pikasso kartoshka hosillari yig‘ib olindi.

Bu maqsadda banklar tomonidan 812 ta fuqaroga 16,2 milliard so‘m imtiyozli kredit va 930 ta fuqaroga 1,1 milliard so‘m subsidiyalar yo‘naltirildi.

Birgina Niyozmat mahallasidagi 98 ta xonadonga kartoshka urug‘ligi uchun 1,9 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Shundan fuqaro Mansur To‘rayevga Mikrokredit bank tomonidan 32,4 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib takroriy ekin sifatida 25 sotix tomorqasiga hamda 50 sotix ijara yeriga arizona navli kartoshka ekdi. Tomorqasidan 10 tonna hamda ijara yeridan 20 tonna hosil olishi, xarajatidan tashqari 80-90 million so‘m daromadga ega bo‘lishi kutilmoqda.

“Bulung‘ur-Agro star” tomonidan keyingi bosqichda tumanda 2 gektar maydonda 50 milliard so‘mlik “Agrokompleks loyihasi” amalga oshirilmoqda. Kompleks tarkibida 10 ming tonnalik omborxona, in-vitro laboratoriyasi, o‘quv markazi va kartoshkani qayta ishlash sexi mavjud.

Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga Yevropa davlatlaridan 6,3 ming tonna, qiymati esa 11 million dollar bo‘lgan muzlatilgan kartoshka frisi import qilingan.

Bulung‘urdagi korxonada endi yetishtirilayotgan kartoshkani faqat xom holda sotish emas, uni qayta ishlab yuqori qiymatli muzlatilgan fri, quruq pyure, kraxmal va chips ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, yiliga 6-7 ming tonna kartoshka fri ishlab chiqarilib, import o‘rni to‘liq qoplanadi.

Shuningdek, Qozog‘iston 2025 yilda 26,3 ming tonna kartoshka fri import qilgan, biz Bulung‘urda kartoshkani qayta ishlash zavodini ishga tushirsak, qo‘shni Qozog‘iston eksport bozorimizga aylanadi.

Parrandachilik mo‘l-ko‘lchilik yaratadi

Davlatimiz rahbari Narpayga tashrifida aholi xanadonlarida parranda boqishni rivojlantirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga ko‘ra, “Narpay tajribasi” yaratilib, aholi xonadonlarida kooperatsiya asosida parranda boqish yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun “Navobod naslli parranda” korxonasiga 3 yil muddatga 30 mlrd so‘mgacha foizsiz ssuda va 50 mlrd. so‘mlik  kredit resurslari ajratilmoqda. Korxona esa kambag‘al oilalarga 200-300 kvadrat metrli yengil konstruksiyali tovuqxonalar qurib berilyapti.

Narxi 211 million so‘m bo‘lgan 200 kvadrat metrli tovuqxona kompleksida 40 kunda 3 mingta jo‘ja yetishtirish mumkin. “Navobod naslli parranda” korxonasi dastlab tayyor bo‘lgan tovuqxonaga 129 million so‘mlik 1 kunlik vaksinalangan jo‘jalarni, zarur bo‘lgan ozuqa yemlari, veterinariya xizmati bilan birgalikda yetkazib beradi. 40 kundan so‘ng yetishtirilgan 3 mingta tovuqni 51 ming so‘mdan (har birini o‘rtacha tirik vazni 3 kgni tashkil qilib, kilosi 17 ming so‘mdan) 153 million so‘mga sotib oladi. Ushbu 153 million so‘mdan tovuq yetishtirish xarajatlarini (129 million so‘m) hamda bino xarajatini (10 million so‘m) olib qolib, fuqaroni plastik kartasiga 14 million so‘m tashlab beradi.

Bugungacha 63 ta xonadonda yengil konstruksiyali tovuqxona qurib berildi. Yana 15 tasida qurish ishlari davom ettirilmoqda. Natijada 63 ta kambag‘al oilalalarning 126 nafar ishsiz a’zolari doimiy ish bilan band qilindi.

Misol uchun, Payariqda Navbahor mahallasida kambag‘allik reyestrida turuvchi fuqaro Sharof Sharipovning oilasi 4 kishidan iborat. 8 sotixli tomorqasining 2 sotixida 3 000 ta jo‘ja boqish uchun yengil konstruksiya qurib berilib, jo‘ja boqishni boshladi.

Xonadon dastlabki bosqichda 40 kun davomida 3 000 ta jo‘jani parvarishlab, tayyor mahsulotni sotish evaziga barcha xarajatdan tashqari 14 million so‘m sof foyda oldi. Yiliga 8 siklda tovuq yetishtirishni hisobga olsak 112 million so‘m sof daromadga ega bo‘ladi.

Ushbu tajriba yil yakuniga qadar viloyatdagi 130 dan ziyod xonadonda yo‘lga qo‘yiladi.

Rivojiddin Maxqulov,

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i.