Senator o‘quvchilar bilan orzu va maqsadlar haqida suhbatlashdi

Oliy Majlis Senati a’zosi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, SamDU rektori Rustam Xolmurodov yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan saylov okrugidagi Samarqand shahrida joylashgan 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabida yuqori sinf o‘quvchilari bilan uchrashdi.

Suhbat davomida R.Xolmurodov davlatimizning yoshlarga oid siyosati, uning mazmun-mohiyati va asosiy maqsadlari, mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek, yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban O‘zbekiston yoshlari, xususan, Samarqand davlat universiteti talabalari xalqaro miqyosda erishayotgan yutuqlarga alohida to‘xtaldi.
Uchrashuvda bilim olish, kelajakda munosib mutaxassis bo‘lib yetishish uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, shuningdek, Vatan taraqqiyotiga har bir inson o‘z burchini sidqidildan bajarish orqali munosib hissa qo‘shishi muhim ekanligi ta’kidlandi.