Eng baland bo‘yli odamlar qayerda yashaydi?

Ilm-fan bu mintaqadagi ko‘rsatkichni qanday izohlaydi?

Gollandiyalik erkaklarning o‘rtacha bo‘yi 183,8, u yerdagi ayollar bo‘yi esa 170,4 santimetrni tashkil etadi. Bu shunchaki statistik ma’lumot emas, balki bir yarim asr davomida odamlarning misli ko‘rilmagan tezlikda 20 santimetrga o‘sishi kechgan evolyusiya natijasidir.

Bo‘y balandligi shunchaki genetikaga bog‘liq deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin bu yerda gap ...pishloq, tabiiy tanlanish va ijtimoiy tenglik haqida ketmoqda.

Gollandiya fenomeni: 150 yilda bir qarich

XIX asrda bo‘yi gollandlarga qaraganda 5–8 santimetr balandroq bo‘lgan amerikaliklar bugungi kunda hatto eng yuqori ko‘rsatkichga ega 20 ta davlat qatoriga ham kirmaydi. Erkaklarining o‘rtacha bo‘yi 176,9 santimetr bo‘lgan mamlakat 40-o‘rinni egallab turibdi. Gollandlar esa barchadan o‘zib ketishdi va ularning o‘sib ketish sababi hali to‘liq aniqlanmagan. Olimlar asosiy omil — hayot sifati, degan farazni olg‘a surishmoqda.

Sog‘liqni saqlash tizimi va ijtimoiy tenglikka ega Niderlandiya dunyodagi eng boy davlatlardan biri hisoblanadi. Biroq, bu omilning o‘zigina  odamlarining 20 santimetrga o‘sib qolganini izohlab bera olmaydi. Ikkinchi omil — bu ovqatlanish tarzi bo‘lib, niderlandiyaliklar suyaklar shakllanishi uchun zarur qurilish materiali bo‘lmish sut, pishloq va qatiq kabi sut mahsulotlaridan juda ko‘p miqdorda foydalanishadi. Dunyoning yarmini sut mahsulotlari bilan ta’minlaydigan davlatning o‘zi ham katta miqdorda bu mahsulotlarni iste’mol qiladi.

Tabiiy tanlanish

Mana shu yerda masala qiziq tus oladi. 2015 yilda “Proceedings of the Royal Society” jurnalida chop etilgan tadqiqot bo‘yi baland golland erkaklari o‘rtacha hisobda o‘zlaridan pastroq bo‘yli vatandoshlariga qaraganda ko‘proq farzand ko‘rishini aniqladi. Bu shunchaki tasodif emas, baland bo‘yning sog‘liq, ayollar nazaridagi jozibadorlik, oliy ta’lim va daromad darajasi bilan bog‘liqligi bor ekan. Bularning barchasi esa reproduktiv muvaffaqiyatga olib keladi.

Baland bo‘yga oid genlar tezroq tarqaladi. «Bu tadqiqot inson populyasiyasi hamon tabiiy tanlanish ta’siri ostida qolayotganini ko‘rsatdi», - deydi evolyusion biolog Stiven Sterns.

Nega AQShda tabiiy tanlanish jarayoni o‘z ta’sirini ko‘rsatmayapti?

AQShdagi vaziyat buning aksi. Tadqiqotlar u yerda o‘rtacha bo‘yli erkaklar baland yoki past bo‘yli erkaklarga qaraganda ko‘proq farzand ko‘rishini aniqladi. Tabiiy tanlanish amerikaliklarni pastga tortadigan bo‘lsa, sog‘lom ovqatlanish ularga o‘sishga turtki beradi. Natijada, bo‘y o‘sishi bir joyda to‘xtab qoldi.

Dinar tog‘lari: Bo‘ychan, kambag‘al hudud

Dinar tog‘lari mintaqasi (Chernogoriya, Bosniya va Gersegovina) o‘ziga xos hodisani namoyon etadi. Bu yerdagi aholi bo‘y jihatdan gollandlarga deyarli tenglasha olsa-da, ular ancha kambag‘alroq sharoitda yashaydilar. Olimlarning fikricha, buning sababi ovqatlanish tarzida emas, balki genetikada yotadi. Ehtimol, qadimda bu hududga bo‘yi baland xalqlar joylashgandir. Shuningdek, mahalliy tog‘larning ohaktoshli jinslari tuproq va suvni kalsiy bilan boyitib, suyak o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, degan faraz ham yo‘q emas.

Bo‘y uzunligi umr davomiyligiga ta’sir ko‘rsatadimi?

Bu o‘ta murakkab bog‘liqlik. Bo‘yning balandligi yoshlikdagi salomatlikka borib taqaladigan bo‘lsa-da, keksalikda ayrim saraton turlariga chalinish xavfini oshiradi, - deya ta’kidlaydi tadqiqotchilar.

Ehtimol, gollandlar, endi bo‘y jihatdan o‘sishdan to‘xtagandir, biroq ular sayyoradagi eng baland bo‘yli xalq sifatida tarixga kirib ulgurdi. Va bu shunchaki tasodif emas, bu atrof-muhit va evolyusiyaning o‘zaro hamkorlikdagi ta’siri natijasidir.

O‘z bo‘yingizni o‘lchab ko‘ring. Agar bo‘yingiz 183 santimetrdan past bo‘lsa, xavotir olmang — shunchaki siz Gollandiyada tug‘ilmagansiz yoki yetarli miqdorda pishloq yemaganingiz sababli omadingiz chopmagan, xolos.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.