“Prezident olimpiadasi”: O‘tgan mavsumdagi qoniqarsiz natijalar bu yil yaxshilanadimi?

Olimpiya sport turlarini rivojlantirish, yoshlarning ommaviy sportga qamrovini oshirish, iqtidorli sportchilarni milliy terma jamoalarga saralash maqsadida mamlakatimizda o‘tgan yildan boshlab uch bosqichli «Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari» hamda «Prezident olimpiadasi» musobaqalari o‘tkazilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur musobaqalarning o‘tgan yilgi bahslarida viloyatimizdan 222 nafar sportchi ishtirok etib, 8 ta oltin, 6 ta kumush va 17 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi hamda respublikada umumjamoa hisobida yettinchi o‘rinni egalladi. Biroq viloyatimizda sportchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar, zamonaviy sport infratuzilmasi, mavjud moddiy-texnika bazasi hamda minglab yoshlarning olimpiya sport turlari bilan shug‘ullanayotganini inobatga olsak, bu ko‘rsatkichlar mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotganini, sportchilarni tayyorlash, seleksiya qilish va musobaqalarga maqsadli tayyorgarlik ko‘rish tizimini yanada takomillashti­rish zarurligini ko‘rsatadi.

Misol uchun, viloyatdagi sport muassasalarida “Prezident olimpiadasi” dasturidagi sport turlari bo‘yicha 18 ming nafardan ziyod sportchi muntazam shug‘ullanayotgan bo‘lsa-da, musobaqalar yakunida bor-yo‘g‘i 31 ta medal qo‘lga kiritilgani achinarli holat. Shuningdek, ayrim sport maktablarida yuzlab sportchilar tayyorlanayotgan bo‘lishiga qaramasdan, respublika final bosqichiga birorta ham sportchi yo‘llanma olmagan.

Xususan, Payariq tumani 2-sport maktabida 329 nafar, Urgut tumani 2-sport maktabida 470 nafar sportchi shug‘ullanishiga qaramay, ulardan hech biri musobaqaning respublika finalida qatnashmagan. Urgut tumani 1-sport maktabida 846 nafar, Qo‘shrabot tumani sport maktabida 871 nafar, Gimnastika sport turlariga ixtisos­lashtirilgan sport maktabida 141 nafar, Samarqand shahar 2-sport maktabida 692 nafar sportchidan atigi bir nafardan va Samarqand tumani 1-sport maktabida 858 nafardan ikki nafargina sportchi respublika final bosqichida ishtirok etgan.

Medallar taqsimoti ham ayrim muassasalar hisobiga shakllangan. Respublikada olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari aksariyat viloyatlarda bittadan bo‘lsa, viloyatimizda ikkita shunday muassasa bor. Ammo Samarqand olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi “Prezident olimpiadasi” finalida 10 ta (finalda atigi 2 ta oltin), Toyloq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi esa 6 ta (finalda bitta ham oltin medal ololmagan) medalni qo‘lga kiritgan. Ishtixon hamda Past Darg‘om tumanlari 2-sport maktablari uchtadan medalga ega chiqqan bo‘lsa, Samarqand shahridagi o‘yin turlari va yengil atletika, gimnastika hamda suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan sport muassasalari, shuningdek, Narpay, Payariq, Samarqand shahar 1-sport maktablari, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Nurobod, Bulung‘ur, Samarqand shahar 2-sport maktablari, Samar­qand tumani, Urgut 1-sport maktablari, Qo‘shrabot, Payariq va Urgut 2-sport maktablari birorta ham medalli natija qayd etmagan.
Xo‘sh, bu yil natijalar qanday yaxshilanadi, muammolar bartaraf etildimi?

– Tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklar Sport vazirligi ishchi guruhi hamda boshqarma mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda, – deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Olim Sobirov. – Xususan, sport muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport jihozlarini barpo etish, mavjud infratuzilmani ta’mirlash va yangilash, mashg‘ulotlar sifatini oshirish, sport maktablari direktorlari va trenerlar malakasini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar davom etyapti. Yaqinda Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Toyloq, Past Darg‘om tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahridagi sport maktablari faoliyati o‘rganilib, terma jamoalarga sportchilar yetkazib berish, ularning respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirokini ta’minlash, murabbiylarning ish samaradorligi va seleksiya ishlari tanqidiy tahlil qilindi. Qoniqarli natija ko‘rsatmayotgan Toyloq va Qo‘shrabot tumanlari sport maktablari direktorlari ishdan olinib, sohani rivojlantirish bo‘yicha aniq reja va tashabbuslarga ega yangi rahbarlar tayinlandi.

Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari» musobaqalari­ning quyi bosqichlari yuqori saviyada tashkil etildi. Bu yilgi mavsumda 13-14 yoshli sportchilar (badiiy gimnastika bo‘yicha 11-12 yoshli) 21 ta olimpiya sport turlari bo‘yicha bellashadi. Musobaqaning birinchi bosqichi mart-aprel oylarida “Tuman va shahar hokimi olimpiadasi”, ikkinchi bosqichi may-iyun oylarida “Viloyat hokimi olimpiadasi” shaklida o‘tkazildi. Endi oktabr-noyabr oylarida musobaqa­ning uchinchi final bosqichi “Prezident olimpiadasi” tarzida o‘tkaziladi.

Final bahslarida 19 sport turi bo‘yicha 226 nafar kuchli va mahoratli sportchilar “Prezident olimpiadasi”ning respublika final bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, voleybol sport turi bo‘yicha o‘g‘il va qizlar jamoasi ham respublikada viloyatimiz sharafini himoya qiladi. Ayni vaqtda sportchilar olimpiada­ning final bellashuvlariga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.

Fazliddin RO‘ZIBOYEV.