“O‘rganganingizni Vatanga qaytaring!”

Insoniyat qaysi asrda bo‘lmasin, Uyg‘onish, ya’ni Renessans asri doim olimlar va ularning faoliyati bilan bog‘liq bo‘ldi. Bugun mamlakatimizda yangi Renessans davri boshlanishi haqida fikrlar bildirilar ekan, buning uchun, avvalo, ta’limga e’tibor qaratildi.
Tizimning eng quyi bosqichidan oliy ta’lim muassasalarigacha barchasida islohotlar boshlandi, bu o‘zgarishlardan ruhlangan, xorijda faoliyat yuritayotgan ko‘plab olimlarimiz o‘z vataniga qaytib faoliyatini davom ettirdi. Ular orasida ta’lim haqdagi dolzarb chiqishlari bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan olim, professor Azamat Akbarov ham bor.

Registondan boshlangan yo‘l

Azamat Akbarov 1995 yilda Samarqand davlat chet tillar institutini ingliz filologiyasi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tugatgach, shu institutda magistratura yo‘nalishida tahsil oldi. 1999 yildan esa shu yerda o‘qituvchilik - karerasining ilk qadamlari Registondan bir necha chaqirim narida qo‘yilgan. 2001-2004 yillar oralig‘ida SamDChTIda dekan o‘rinbosari va kafedra mudiri lavozimlarida ishladi.

Keyin yo‘l dunyoga olib chiqdi. Shvetsiyaning Dalarna universitetida xalqaro munosabatlar bo‘yicha magistratura, Janubiy Koreyada amaliy tilshunoslik bo‘yicha PhD. Bosniya va Gersegovina poytaxti Sarayevo shahridagi xalqaro universitetda kafedra mudiri, dekan va prorektor bo‘lib, Almati shahridagi al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universitetida professor va Sulayman Demirel nomidagi universitetda pedashoshika fakulteti dekani, Janubiy Koreyaning Pusan xorijiy tillar universitetida Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazida professor lavozimida ishladi.

Qizig‘i shundaki, u qayerga borsa, o‘zi bilan Samarqandni olib borgan. Janubiy Koreyada nashr etilgan birinchi «O‘zbek tili» darsligi uning qalamiga mansub. Bosniya va Gersegovina hamda Qozog‘iston amaliy tilshunoslik uyushmalariga asos soldi.

O‘ttiz yil — raqamlar tilida

Professorning ilmiy safari raqamlarda ham salmoqli: taqrizlanadigan jurnallar va to‘plamlarda 193 ta ilmiy nashr, 41 ta kitob va tahrir qilingan to‘plam, 60 mamlakatda 190 ta konferensiya ma’ruzasi, 32 ta plenar va asosiy ma’ruza, 22 ta tadqiqot loyihasi va granti. U o‘zbek, ingliz, rus va turk tillarida erkin so‘zlashadi, ozarbayjon, fors, qozoq va bosniya tillarini yaxshi biladi.

- Men eng ko‘p faxrlanadigan raqamlar — ularning ortidagi insonlar, - deydi bu haqda Azamat Akbarov. - 13 doktorantimdan 6 nafari Bosniya va Gersegovinadan, 7 nafari turkiyalik. 43 magistrantimdan 18 nafari Bosniya va Gersegovinadan, 24 nafari Turkiyadan va 1 nafari Qozog‘istondan. Ularning yetuk olim va hamkasbga aylanishini kuzatish bu ishning eng quvonchli tomoni bo‘ldi.

Dunyoni O‘zbekistonga olib kelish

2011 yilda u Xorijiy tillarni o‘qitish va amaliy tilshunoslik bo‘yicha xalqaro konferensiyaga (FLTAL) asos soldi. Dastlabki sakkiz konferensiya xorijda o‘tkazildi, 2019 yildan esa anjuman O‘zbekistonga ko‘chirildi. Toshkentdagi birinchi FLTAL 30 mamlakatdan 500 ga yaqin ishtirokchini to‘pladi. 2020 yilda o‘ninchi FLTAL Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida o‘tdi. 2026 yil aprelida Jizzax davlat pedagogika universitetida o‘tkazilgan 16-FLTALga 24 mamlakatdan 200 ga yaqin olim keldi. Plenar ma’ruzachilar orasida Oksford, Yel, Stenford, Oklend, Kembridj, Garvard, MIT, London Universitet kolleji, Pensilvaniya, Michigan va Florida shtat universitetlari professorlari bor edi.

2022 yilda u oliy ta’limga bag‘ishlangan «Tayanch nuqtasi» podkastini boshladi. Unda mamlakatimizdagi yigirmadan ortiq davlat va xususiy universitet rektorlari, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi va Britaniya Kengashi rahbari ochiq suhbat qurib kelmoqda.

Islohotchi

2019 yilda Samarqandga qaytgach, «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetida xalqarolashuv va strategik rivojlanish bo‘yicha birinchi prorektor lavozimida ishladi. Ayni shu yilda u O‘zbekiston davlat universitetlarida birinchilardan bo‘lib besh kunlik o‘quv haftasi, 50 daqiqalik darslar, edvayzerlik, elektiv fanlar, dual ta’lim va talabalar parlamentini joriy etdi.

Bugun A.Akbarov Samarqanddagi Silk Road Global Institute bosh ijrochi direktori va bir qator universitetlar rektorlarining internatsionalizatsiya bo‘yicha maslahatchisidir. O‘tgan yili u Urganch, Jizzax, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida talabalar va o‘qituvchilar uchun ma’ruzalar o‘qidi, haftalik onlayn seminarlar olib bordi, akkreditatsiya, Scopus maqolalari va xalqaro reytinglar bo‘yicha yuzlab bepul maslahat berdi. Bularning barchasi ko‘ngilli asosda, biror haq yoki grantsiz amalga oshirildi.

Ikki davlat e’tirofi

2025 yil 25 dekabrda Oliy Majlis Senatining fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi professorga «Tashakkurnoma» topshirdi. Bundan avval u Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining Faxriy yorlig‘i va «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni (2025) bilan taqdirlangan edi. 2017 yilda esa Qozog‘iston Ta’lim va fan vazirligi o‘z Faxriy yorlig‘ini topshirgan. 2026 yil iyunida Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti ham uni Faxriy diplom bilan taqdirladi.

Ilm — jamoaviy mehnat

Mirzo Ulug‘bekning Buxorodagi madrasasi peshtoqiga «Ilm olishga intilish har bir muslim va muslimaning burchidir» degan so‘zlar bitilgan. Ulug‘bek ilmni hokimiyatdan ustun qo‘ydi va shu yo‘lda jonini berdi. Samarqand u tufayli o‘z davrida dunyo ilm-fanining markaziga aylandi.

- Men Seulda ham, Tokioda ham, Nyu-Yorkda ham, Sarayevoda ham, Almatida ham o‘zimni Samarqandning elchisi deb bildim, - deydi olim. - Dunyoning qayerida bo‘lsam ham, Registon gumbazlari ortimda turardi. Bugun esa eng katta orzuim - dunyo olimlarining O‘zbekistonga Ulug‘bek davridagidek intilishi. Biz bunga qodirmiz, chunki bu zaminda ilm hech qachon begona bo‘lmagan. Ilm-fan — jamoaviy mehnat. Bu yo‘lda hamroh bo‘lgan har bir talaba, hammuallif va hamkasbimga minnatdorman. Yoshlarimizga aytmoqchimanki: dunyoga chiqing, o‘rganing, lekin o‘rganganingizni Vatanga qaytaring. Ulug‘bek avlodlari uchun bundan yuksak sharaf yo‘q.

Rasadxona tepaligidan qaraganda Samarqand bugun ham o‘sha Samarqand: dunyo bu shaharga keladi, bu shahar dunyoga chiqadi. Farqi shundaki, bugun Oksford va Seuldan kelayotgan olimlarni Registon yonida bir necha tillarni bilib, bugun jahon ayvonida o‘z salohiyatini namoyon etayotgan samarqandlik olimlar kutib oladi.

Gulruh Mo‘minova.