Adolat va amaliy natija: viloyat adliya organlari faoliyati sarhisob qilindi

Insonning huquq va manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish, davlat xizmatlarini aholi uchun yanada qulaylashtirish - adliya organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan. Viloyat adliya organlari tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar ham bu boradagi vazifalar izchil davom ettirilayotganini ko‘rsatmoqda.

- Yilning dastlabki olti oyida adliya organlariga jami 3 ming 964 ta murojaat kelib tushgan, - deydi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ozod Shodiqulov. - Ularning 1 ming 797 tasi bevosita boshqarmaga yo‘llangan.

Murojaatlarning 3 ming 419 tasi bo‘yicha yechim ta’minlangan. Shundan 1 ming 974 tasi qanoatlantirilgan bo‘lsa, 1 ming 445 ta murojaat yuzasidan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan.

E’tiborli jihati, murojaatlarning 390 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan. Ularning 124 tasi, ya’ni 33 foizi qanoatlantirilgan.

Bu raqamlar ortida esa muayyan insonlarning huquq va manfaatlari, hal etilgan muammolari va kutilayotgan natijalar mujassam.

Anjumanda qayd etilganidek, adliya organlarining vazifasi faqat murojaatlarni qabul qilish bilan cheklanmaydi. Qonun buzilishi aniqlangan holatlarda fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash maqsadida ta’sir choralari ham ko‘rilmoqda.

O‘tgan yarim yillikda sudlarga jami 240 ta da’vo arizasi kiritildi. Ularning umumiy qiymati 5 milliard 92 million so‘mdan ortiqni tashkil etdi.

Ko‘rilgan choralar natijasida 229 ta da’vo, ya’ni umumiy qiymati 4 milliard 912 million so‘mlik talablarning qanoatlantirilishi ta’minlandi.

Shuningdek, 703 ta taqdimnoma kiritilib, ular natijasida 4 milliard 300 million so‘m mablag‘ning jismoniy va yuridik shaxslarga qaytarilishi ta’minlandi. Qaytarilgan mablag‘larning 2 milliard 800 million so‘mi tadbirkorlar manfaatlariga tegishli bo‘lgan.

Demak, qonun ustuvorligini ta’minlash bilan birga, adliya organlarining aralashuvi natijasida real iqtisodiy manfaatlar ham tiklanmoqda.

Matbuot anjumanida yig‘ilganlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.