Maktabgacha ta’lim vazirligi Qo‘shrabotdagi bog‘chada sodir bo‘lgan voqea bo‘yicha munosabat bildirdi
Aytilishcha, muassasada bolalar ko‘z o‘ngida janjallashib bir-biriga jarohat yetkazgan xodimlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘shrabot tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli 16-son DMTTda 2022 yil 1-iyun kuni mudira v.v.b. Ch.A. va hamshira vazifasida ishlovchi E.G.lar o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjallashib, Ch.A. janjal davomida E.G.ning bosh qismiga kofe idishi (bokal) bilan urib tan jarohati yetkazgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
STEBning xulosasiga ko‘ra, E.G.ning ta’nasida ya’ni, boshning chap chakka sohasida ezilib yirtilgan yara jarohatlari aniqlangan. Xulosada ushbu jarohat o‘tmas qattiq jismlarning bir marotaba zarb ta’siridagi mexanizmidan yetkazilganligi, odatda kechuvida sog‘likni qisqa, ya’ni olti kundan ortiq, ammo yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga buzilishiga olib kelishi, shuning uchun og‘irlik darajasiga ko‘ra «yengil sog‘likni buzilishiga sabab bo‘lgan tan jarohatlari» guruhiga kirish qayd etilgan.
Holat yuzasidan 2 iyun kuni Qo‘shrabot tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishta rasmiy munosabat bildiriladi.
Shuningdek, alohida qayd etish joizki, Maktabgacha ta’lim vazirligi bu kabi xodimlarning ish faoliyatini oqlamaydi. Xususan, holat sabab mazkur MTTda faoliyat yuritayotgan vaqtinchalik rahbarlik lavozimi yuklatilgan metodist Ch.A., va hamshira vazifasida ishlovchi E.G.lar bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Hurmatli sohaning fidoiy xodimlari! Sizlar Yurtimizning farzandlariga ta’lim va tarbiya bermoqdasiz. Yuqorida ta’rif berilgan holatlar takrorlanmasligi va bunday holatlarni yuzaga keltirishdan oldin, Siz maktabgacha ta’lim soha xodimi hamda bolalar bilan ishlaydigan namuna bo‘luvchi inson ekanligingizni unutmang”, deyiladi vazirlik munosabatida.