Qo‘shrabotda oqova suv tarmoqlari loyihalari qachon amalga oshiriladi?

Bir necha yillar ilgari Qo‘shrabot tumanida ko‘pqavatli uylar qurila boshlangandayoq aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova tizimlari bunyod etish ishlari boshlangan edi. Bu davrda o‘nlab ko‘pqavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Biroq markazlashgan oqova tarmoqlari qurilishi faqat loyihalarda qolib ketdi.
Qo‘shrabot tumanida 51 ta ko‘pqavatli uyda aholi istiqomat qiladi. Jumladan, Zarkent mahallasidagi 38 ta uy-joyning 10 tasiga Navoiy kon-metallurgiya korxonasiga qarashli Zarmitan uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi, 11 ta uyga esa harbiylarning maxsus bo‘linmasi kommunal servis xizmatlari ko‘rsatadi. Shuningdek, “Qo‘shrabot kelajagi” boshqaruv servis kompaniyasi Zarkent, Mustaqillik, Namuna va Buloqboshi mahallalari hududida joylashgan 30 ta ko‘p qavatli uylarga mas’ul.
- Barcha uylar toza ichimlik suvi, 26 ta uy-joy esa markazlashgan issiqlik tizimiga ulangan, - deydi tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi Shahzod Qarshiyev. - Qolganlari ikki konturli gaz pechlari va elektr energiyasi bilan isitiladi. 13 uyning yerto‘lasida mavsumiy yomg‘ir-sel suvlari kirishi va oqova tarmog‘idagi nosozliklar bartaraf etildi. Beshta ko‘pqavatli uyning 100 metr oqova tarmog‘i nishobligi e’tiborga olinib, qayta qurildi. 1 ta uyning hovlisi shu uyda yashovchilar tomonidan hashar yo‘li bilan qayta betonlashtirildi.
Tuman markaziga kirishda 2019-yilda foydalanishga topshirilgan 2 ta ko‘p qavatli uyda obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Uy orqasidagi bo‘sh maydonda turli ko‘katlar, gul va daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan.
So‘nggi vaqtlarda ertalab va kechqurunlari elektr energiyasi ko‘p o‘chyapti, - deydi 2-uyda yashovchi Nuqra Uralova. – Kamiga uch kundan buyon tabiiy gaz ham o‘chirilgan. Ayniqsa, kechqurun ovqat qilishning iloji yo‘q.
Shu uy yoniga boraversangiz, badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi. Chunki kanalizatsiya quduqlari ancha vaqtdan buyon tozalanmagan. Beton ariqlar xas-xashak va tuproq bilan to‘lib qolgan, sport va bolalar maydonchasi, chiqindi qutilari yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur uylarda yashovchilar «Toza hudud» DUK tuman bo‘limi bilan suyuq chiqindilarni tashib ketish bo‘yicha o‘zaro shartnoma qilmagan ekan.
Ko‘p qavatli uylarga 2017-yilda tashkil etilgan Qo‘shrabot xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan xizmat ko‘rsatilgan. Ular o‘z vazifalarini udda qilolmagach, «Farangiz original mebel» xususiy korxonasiga qarashli sanitariya tashkilotiga o‘tkazilgan. Ular ham ko‘pqavatli uylarning «og‘ir» yukini tortolmagach, «Qo‘shrabot kelajagi» boshqaruv servis kompaniyasi tashkil etildi.
Kompaniya tashkil etilganida ko‘pchilik qo‘shrabotliklar «Endi muammolarimiz o‘z yechimini topadi», deb xursand bo‘lishgan edi. Biroq eski hammom, eski tos degandek, hanuzgacha o‘zgarishlar sezilmaydi. Yangi tashkilotda maxsus texnika va ishchi-xizmatchilar yetarli emas.
Ishni ikki oy ilgari 273 million so‘m qarz bilan boshlagandim, - deydi «Qo‘shrabot kelajagi» boshqaruv servis kompaniyasi boshlig‘i Erkin Rahmatov. – Hozirda barcha ko‘pqavatli uylarda xatlovni amalga oshiryapmiz. 27 ta uyning 3 tasi «billing» tizimiga ulanmagan. Aholidan qarzlarni undirish qiyin bo‘lyapti. Ular bizdan kommunal xizmatlarni bajarishni talab qilishmoqda. Bizning esa imkoniyatimiz yo‘q. Banklardan olingan qarzlar tufayli ular kredit ajratmayapti. Mustaqillik mahallasidagi 2 uyning fasad qismi, 1 ta uyning kanalizatsiya tarmog‘i ta’mirlandi.
Hozirda Buloqboshi mahallasidagi 4 ta ko‘pqavatli uy lokal kanalizatsiya tarmog‘iga ulangan. Qolganlarining oqovalari uylar yonida qurilgan 40 kub/metrlik quduqlarga tashlanadi.
- Tuman markazidagi 3 ta mahalladagi 30 ta ko‘pqavatli uyda yashovchilar hamda tadbirkorlar markazlashgan kanalizatsiya tizimining yo‘qligidan azob chekyapmiz, - deydi Xo‘jamurod Qo‘shoqov. – Bir-ikki oy ichida to‘ladigan 40 ming kublik bitta oqova qudug‘ini tozalash uchun maxsus assenizator mashinasi 10-12 marta chiqindixonaga qatnashi kerak. «Toza hudud» DUK tuman bo‘limiga murojaat qilsak, ular doim band, bu yaqin orada vaqti bo‘lmaydi. Hatto shartnoma qilgan uylarni ham o‘z vaqtida tozalashmaydi. Va’da berishadi-yu, bajarishmaydi. Mana kunlar isib ketyapti, badbo‘y hiddan ko‘pqavatli uylarning oldidan o‘tib bo‘lmaydi.
Tumanning Mustaqillik, Namuna va Buloqboshi mahallalaridagi ko‘pqavatli uylarning markazlashgan kanalizatsiya tizimi yo‘q.
- Kanalizatsiya yo‘qligi eng og‘ir nuqtamiz,- deydi “Samarqand suv ta’minoti” AJ tuman filiali bosh muhandisi Rahimjon Abduvohidov. – Ilgari ham markazlashgan kanalizatsiya tarmoqlari uchun ko‘p marta rejalar qilingan, mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, turli sabablar bilan bu ishlar amalga oshmay qolgan. Biroq 2025-2026-yillarda tuman markazidagi ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy soha obektlari va tadbirkorlik sub’yektlarini o‘zaro bog‘lovchi 19,5 kilometr masofada markazlashgan oqova suv tarmog‘i bir kecha-kunduzda 3 ming metr/kub quvvatga ega bo‘lgan oqova suv tozalash inshooti qurish rejalashtirilgan.
Agar ko‘zda tutilganidek, tumanning Do‘stlik mahallasi hududida oqova suvni qayta ishlash inshooti qurilib, 23,5 kilometr tarmoq tortilsa, tuman markazidagi barcha ko‘p qavatli uylardagi aholi xonadonlari, 210 dan ziyod tadbirkorlik subekti va 13 ta ijtimoiy soha obektida oqova suv muammosi hal bo‘ladi.
Dilmurod TO‘XTAEV,
“Zarafshon” muxbiri.