AQSh “tashvishli” mamlakat fuqarolarining grin-kartalarini qayta tekshiradi, uchinchi mamlakatlar migratsiyasi to‘xtashi mumkin

Mamlakat fuqarolik va immigratsiya xizmati rahbari Jozef Edlouning ma’lum qilishicha, prezident Donald Tramp unga “tashvish uyg‘otuvchi mamlakatlardan bo‘lgan chet elliklarning har bir grin-kartasini to‘liq va batafsil qayta tekshirish” topshirig‘ini bergan.

Xizmat ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ro‘yxat Trampning iyun oyidagi farmoniga binoan mamlakatlar milliy xavfsizlik va terrorizmga oid xavf darajasiga qarab bir nechta toifaga bo‘lingan. Eng xavfli toifada Afg‘oniston, Gaiti, Eron, Liviya, Yaman kabi 12 davlat bor. Keyingi (qisman cheklanish bilan) toifaga yana 7 davlat, jumladan, Togo, Turkmaniston va Venesuela kiritilgan. O‘zbekiston,  Rossiya va Belarus bu ro‘yxatlarga kirmagan.

Prezident Tramp o‘z bayonotida “AQSh tizimi to‘liq tiklanishi uchun uchinchi dunyo mamlakatlarining barchasidan migratsiyani abadiy to‘xtatish” niyatini bildirgan. Shuningdek, u “mamlakatga aniq foyda keltirmaydiganlarni” chiqarib yuborishini aytdi.

“To‘liq taqiq”li 12 mamlakatdagilar AQShga migratsiya, viza yoki sayohat uchun o‘z vaqtida kirishlari ta’qiqlangan. Qisman cheklovlar qolgan 7 mamlakatdan bo‘lganlar uchun joriy qilingan.