Grin-karta yutib, AQShga bora olmayotgan odamlar Trampni sudga berdi
Bir qator mamlakatlardagi fuqarolar Grin-karta yutib, Amerikada yashash huquqiga ega bo‘lgan. Ammo AQSh hududiga kirishga ruxsat ololmayotgan odamlar mamlakatga kiritishlarini talab qilib, Donald Tramp va AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoni sudga berishdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli butun dunyo bo‘ylab favqulodda zarur bo‘lmasa, Amerika elchixonalari tomonidan viza berilmayapti va suhbatlar o‘tkazilmayapti. Bundan tashqari, Tramp aprel oyida xorijiy fuqarolar uchun mamlakatga kirishni taqiqladi. Shu jumladan, Grin-karta yutgan shaxslarga ham.
Da’vogarlar orasida Rossiya, Turkiya, O‘zbekiston, Ukraina, Belarus, Armaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Falastin, Misr va Suriya fuqarolari mavjud.
Ko‘plab da’vogarlar uy-joylarini sotib, ishlab turgan ish joylaridan bo‘shaganlarini, ularning AQShga ko‘chib o‘tishi noma’lum muddatga qoldirilgani, ehtimol, umuman bunga ruxsat berilmasligi mumkinligi sababli sudga da’vo qilganliklarini aytishmoqda.
Da’vogarlar Tramp va Pompeoga 8 ta band bo‘yicha e’tiroz bildirmoqda. Suddan Tramp aprel oyida qabul qilgan qarorni bekor qilishni va Grin-karta yutgan xorijiy fuqarolar va ularning oila a’zolarini AQSh hududiga kiritishni talab qilmoqda.