Nobel mukofoti sohibi SamDU mehmoni bo‘ldi

Serge Haroche fransuz fizigi, kvant optikasi va kvant fizikasi sohasidagi yetakchi olimlardan biri bo‘lib, kvant tizimlarda yorug‘lik va moddaning o‘zaro ta’sirini tadqiq etgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Kvant optikasi va atom fizikasi sohasida dunyoga mashhur olim 1944 yil Marokashning Kasablanka shahrida tug‘ilgan. Uning oilasi 1956 yilda Fransiyaga ko‘chib o‘tgan va u Parij universitetida tahsil olgan. 1971 yilda Parij VI universitetida fizika bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

U amerikalik olim Devid Vineland bilan hamkorlikda individual kvant tizimlarini o‘lchash va boshqarish imkonini beruvchi innovatsion eksperimental usullarni yaratishga hissa qo‘shdi.

Olim Fransiyaning Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS)da faoliyat yuritib, Stenford, Harvard va Yel universitetlarida ilmiy ish olib borgan. 2001 yildan buyon Collège de France’da kvant fizikasi professori sifatida faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda Serge Harochega Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetining Faxriy professori unvoni berildi.
Nobel mukofoti sohibi nutqida ilmiy faoliyati, tadqiqotlari, mavjud muammolar hamda kvant fizikasining istiqboli haqida yig‘ilganlarga so‘zlab berdi. U kvant optikasi va atom fizikasi yutuqlarining zamonaviy texnologiyalar taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab, yosh tadqiqotchilarni ushbu yo‘nalishda faol izlanishga chaqirdi.