Samarqandda O‘zbekiston va Belarus ijro organlari o‘rtasidagi tajribalar muhokama qilindi

Belarus Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi Majburiy ijro bosh boshqarmasi boshlig‘i (Belarus Respublikasinig Bosh sud ijrochisi) S.Nikel boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahriga keldi.

Dastlab delegatsiya vakillari Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining tumanlararo va Samarqand shahar bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Ijro etish sohasidagi yangiliklar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashdi.

Delegatsiya vakillarida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish, yuborish va taqdim etish tartibi joriy etilganligi hamda yaratilayotgan boshqa yangiliklarni realizatsiya qilish borasida olib borilayotgan ishlar katta qiziqish uyg‘otdi.

Belarus Respublikasi delegatsiya a’zolari tomonidan O‘zbekistonda oxirgi yillarda majburiy ijro sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli erishilayotgan natijalar yuksak baholandi. Shuningdek, idoralar o‘rtasida hamkorlik o‘zaro amaliy xususiyatga ega ekanligi ta’kidlandi. Hamkorlik dasturi doirasida kelgusida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash choralari muhokama qilindi.

Delegatsiya a’zolariga O‘zbekistonda ijro ishlarini yuritish sohasida amalga oshirilayotgan, tizimning samaradorligi, ochiqligi va texnologik qulayligini oshirish, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar o‘zaro hamkorlikning yuqori darajada tashkil etilgani, muloqotning konstruktiv xususiyati va sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanini qayd etdilar. Memorandum imzolanishi hamkorlikni institutsionallashtirish, tajriba almashinuvni kengaytirish va ikki mamlakat majburiy ijro organlari faoliyatiga ilg‘or tajribalarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida muhimligi ta’kidlandi.