Tramp Kongressda qariyb ikki soat nimalarni gapirdi?

AQSh prezidenti Donald Tramp kecha Kongress oldida “mamlakatning ahvoli” to‘g‘risida ma’ruza qildi. U nutqida tashqi siyosatdagi xavf-xatar, iqtisodiy maqsadlar va ichki siyosatda qat’iy kun tartibini belgiladi.

Eron masalasida Vashington diplomatik yechimni afzal ko‘rayotganini, ammo Tehronning yadroviy quroldan voz kechishi bo‘yicha haligacha kafolat olmaganini va yadroviy qurolga ega bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymasligini aytdi.

Tariflar bo‘yicha Oliy sud qarorini prezident «umidsizlantiruvchi» va «muvaffaqiyatsiz», deb atadi. U o‘zining sevimli bojlarini saqlab qolish uchun qonuniy yo‘l topishga va’da berdi.

Shuningdek, u saylovchilardan ovoz berishda fuqaroligini tasdiqlashni talab qiladigan «Amerikani qutqarish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishga chaqirdi.

Nutq so‘ngida Tramp o‘z ma’muriyati iqtisodiyot, xavfsizlik va tashqi siyosat sohalarida «misli ko‘rilmagan yutuqlar»ga erishganini ta’kidladi.

Xalqaro siyosatshunoslarning fikricha, nutq ichki auditoriyaga yo‘naltirilgan bo‘lsa-da, tashqi siyosatda qat’iylik va bosim vositalaridan foydalanish signalini berdi. Iqtisodiy yo‘nalishda esa tarif va sanoatni himoya qilish siyosatining davom etishi kutilmoqda.