Keyin kech bo‘lmasin: AQSh Senati Trampning vakolatlarini cheklashga kirishdi

AQSh Senati prezidentning harbiy qarorlari ustidan Kongress nazoratini kuchaytiruvchi qonun loyihasini ma’qulladi.

Hujjatga ko‘ra, Oq uy har qanday harbiy harakatni Kongress bilan kelishishi shart bo‘ladi. Qonun loyihasini 50 nafar senator qo‘llab-quvvatladi, 47 nafari esa qarshi ovoz berdi.

Tashabbusni asosan demokratlar va respublikachilarning bir qismi qo‘llab-quvvatladi. Respublikachilarning ko‘pchiligi esa unga qarshi chiqdi.

Bunday qonunni qabul qilishga urinishlar 2025 yildan beri yetti marta amalga oshirilgan, ammo avvalgi safarlar muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi.

O‘shanda Senat iyunda AQShning Eron yadroviy ob’yektlariga bergan zarbalaridan so‘ng harbiy vakolatlar haqidagi qonun loyihasini ilk bor ko‘rib chiqdi. Ikkinchi ovoz berish esa joriy yilning 5 mart kuni — AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan ko‘p o‘tmay o‘tkazildi.

AQShning 1973 yilgi harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, prezident 60 kun davomida harbiy harakatlar olib borishi mumkin. Shundan keyin u yo harakatlarni to‘xtatishi yoki Kongress ruxsatini olishi, yoxud yana 30 kunlik muddat uzaytirilishiga erishishi kerak.

60 kunlik muddat 1 mayda yakunlandi. Xuddi shu kuni Tramp Eron bilan vaqtinchalik sulh “harbiy harakatlarga nuqta qo‘ygani”ni ma’lum qildi.

Yaqinda Tramp Fors ko‘rfazi davlatlari yetakchilari iltimosiga ko‘ra Eronga rejalashtirilgan zarbani kechiktirganini aytgandi. Shu bilan birga, u harbiylarga keng ko‘lamli hujumga tayyor turish bo‘yicha topshiriq bergan.

Gulnora Xoldorova tayyorladi.