Android qurilmalar uçun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş x

Oq uy va Kreml: Dizel kelishuvi

Tramp va Putin o‘rtasida o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan telefon muloqotidan so‘ng Vashington Rossiyadan dizel yoqilg‘isi import qilish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Trampning ta’kidlashicha, kelishuvga ko‘ra, Moskva darhol AQSh va jahon bozorlariga 300 ming tonnadan ortiq, noyabr oyi davomida yana 500 ming tonna va shundan so‘ng yana 1 million tonna dizel yoqilg‘isi yetkazib beradi.

Ushbu kelishuvni amalga oshirish maqsadida AQSh Moliya vazirligi Rossiya dizelini bozorga olib kirishga ruxsat beruvchi, 2027 yil 7 aprelgacha amal qiladigan vaqtinchalik litsenziya bergan.
AQShda energetika inqirozi tobora chuqurlashib bormoqda. Fevral oyi oxiridan beri benzinning o‘rtacha narxi 46 foizdan ortiqqa ko‘tarilib, bir gallon uchun 4,37 dollarni (1 gallon — 3,785 litr) tashkil etdi. Dizel yoqilg‘isi esa 67 foizga qimmatlashib, bir gallon uchun 6,28 dollarga yetdi.
Avvalroq Tramp yoqilg‘i narxining keskin oshishida Kiyevni ayblab, buning sababi sifatida Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) bergan zarbalarini ko‘rsatgan edi. Soha ekspertlari va xalqaro tahlilchilarning fikricha, jahon energetika bozorini beqarorlashtirayotgan asosiy omil — AQSh va Isroilning Eron Islom Respublikasi (EIR) bilan olib borayotgan urushi.

Ekspertlar Oq uyning ushbu qadamini oraliq saylovlar arafasida jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazish va Respublikachilar partiyasining Kongressdagi nozik ustunligini saqlab qolishga qaratilgan siyosiy manyovr sifatida baholashmoqda.
Zelenskiy Rossiyaga dizel yoqilg‘isi sotishga ruxsat berilishini keskin tanqid qilib, buni «urushga kiritilgan investitsiya» deb atadi. Kiyev Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari bosqinchi armiyani yoqilg‘i bilan ta’minlash va urushni moliyalashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidlab, shu sababli ular qonuniy nishon hisoblanishini bildirib kelmoqda.

Ukraina yetakchisining qayd etishicha, yaqinda Kiyevga tashrif buyurgan AQSh Kongressining ikki partiya vakillaridan iborat delegatsiyasi urushni to‘xtatish uchun Moskvaga bosimni kuchaytirish va jiddiy sanksiyalar joriy etish zarurligini e’tirof etgan.

«Ammo bugun AQSh va Rossiya rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot butunlay boshqacha manzarani yuzaga keltirdi», deya afsus bilan munosabat bildirdi Zelenskiy.
Jurnalistlar Trampdan Zelenskiyning ushbu bayonotiga izoh so‘rashganda, AQSh prezidenti tanqidlarga javob berishdan tiyilib, faqat Moskva bilan erishilgan kelishuvdan mamnun ekanini bildirish bilan cheklandi.
Ekspertlar ikki tomon o‘rtasidagi kelishuvni narxlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigan vaqtinchalik siyosiy yurish sifatida baholashmoqda.
Uyog‘ini vaqt ko‘rsatadi...

Abror XON,
siyosiy sharhlovchi.