Tramp Eronga qarshi «iqtisodiy urush» boshlanganini e’lon qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy bosim kampaniyasi boshlanganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Tehron Vashington bilan kelishuvga erishish imkoniyatlaridan foydalanmagan.
 
«Shuning uchun bugun men tarixda biror davlatga qarshi qo‘llanilmagan eng qattiq iqtisodiy operatsiya boshlanayotganini e’lon qilaman. Bu misli ko‘rilmagan darajadagi iqtisodiy urush va izolyasiya bo‘ladi. Ularning harbiy-dengiz floti yo‘q qilingan, harbiy-havo kuchlari yo‘q qilingan, harbiy zavodlari vayronaga aylangan, valyutasi qadrsizlangan va mamlakat og‘ir ahvolga tushib qolgan», deb yozadi u «Truth Social»da.

Tramp AQSh Eronni xalqaro iqtisodiy tizimdan yanada qattiqroq izolyasiya qilishni rejalashtirmoqda. Tramp, shuningdek, Eronga har qanday shaklda yordam beradigan davlatlar ham jiddiy iqtisodiy oqibatlarga duch kelishini ta’kidladi. Vashington nafaqat Eronning o‘ziga, balki u bilan savdo qilayotgan yoki moliyaviy aloqalarni saqlab qolayotgan davlat va kompaniyalarga qarshi ham choralar ko‘rishi mumkinligini bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, yangi bosim choralari Eron neft savdosi, moliyaviy operatsiyalari, pul o‘tkazmalari va vositachi kompaniyalar faoliyatini nishonga oladi. Ayrim tahlilchilarning fikricha, bu ikkinchi darajali sanksiyalar orqali Eronning asosiy savdo hamkorlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan birga, Birlashgan Arab Amirliklari Eron bilan savdo va moliyaviy operatsiyalarni to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu qaror Eronning mintaqadagi iqtisodiy aloqalariga qo‘shimcha zarba sifatida baholanmoqda.

Ekspertlar esa yangi iqtisodiy bosim Eronni muzokaralarga qaytarishga yordam berishi mumkinligini aytmoqda, ammo Tehron hozircha tashqi bosim ostida yon berish niyati yo‘qligini bildirmoqda.