AQSh prezidentiga hujum sahnalashtirilganmi yoki haqiqat?

AQShda prezident Donald Trampga qilingan suiqasd ortidan turli taxminlar va ehtimol fitna nazariyalari avj oldi. Ayrim blogerlar va tahlilchilar bu voqea siyosatchining reytingini oshirish yoki jamoatchilik e’tiborini boshqa masalalardan chalg‘itish uchun sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Amerikalik jurnalist Jon Varoli ham suiqasdga urinish rejalashtirilgan spektakl bo‘lishi mumkin, degan fikrni bildirdi.

Hodisa 25 aprel kuni Vashingtondagi Washington Hilton mehmonxonasida, Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasining kechki tadbirida yuz bergan. Qurollangan shaxs zalga kirishga urinib, o‘q uzgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi 31 yoshli kaliforniyalik o‘qituvchi Koul Tomas Allen bo‘lib, unga AQSh prezidentiga suiqasd qilish aybi qo‘yilgan. U hibsga olingan va umrbod qamoq jazosi bilan yuzma-yuz kelishi mumkin.

Fitna nazariyalariga sabab bo‘lgan “tasodiflar” ham muhokama qilinmoqda. Ya’ni, hodisadan oldin Oq uy matbuot kotibi Karolayn Levittning “Tramp nutqida “o‘q ovozlari” bo‘lishini hazilomuz tarzda tilga olgani, teleboshlovchi Jimmi Kimmelning esa birinchi xonim Melaniya Tramp haqida keskin hazil qilgani eslatilmoqda. Shu bois ayrimlar voqea oldindan rejalashtirilgan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Donald Tramp esa bu da’volarni rad etib, suiqasdni sahnalashtirish deb ishonayotganlarni “nosog‘lom fikrlilar” deb atadi. U voqea paytida xavotirga tushmaganini va bunday fitna nazariyalari odatda har qanday yirik hodisadan keyin paydo bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, MAGA harakati ichida ham shubhalar kuchaymoqda — ayrim sobiq tarafdorlar hatto 2024 yildagi suiqasd urinishi ham sahnalashtirilgan bo‘lishi mumkinligini da’vo qilmoqda.