Ikki haftalik tanaffus: AQSh va Eron muzokaralarga tayyorlanmoqda

AQSh Prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi zarbalarni ikki haftaga to‘xtatishga rozi ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bu qaror Eron tomonidan Hurmo‘z bo‘g‘ozini to‘liq va xavfsiz ochish sharti bilan qabul qilingan.

Trampga ko‘ra, o‘t ochishni Eron ham to‘xtatadi va bu ikki tomonlama sulh bo‘ladi. U bu qarorni Pokiston rahbariyati bilan muzokaralardan so‘ng qabul qilganini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil AQSh bilan birga vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa-da, hujumlarni davom ettirmoqda.

Shu bilan birga, Eron xavfsizlik kengashi ham, agar hujumlar to‘xtatilsa, harbiy harakatlarni to‘xtatishini tasdiqladi.

Xabarlarga ko‘ra, AQSh zarbalari allaqachon to‘xtatilgan. Tomonlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishga tayyorgarlik ketmoqda. Ilk uchrashuv 10 aprel kuni Islomobodda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Eron taqdim etgan takliflar asosida muzokaralar olib borilishi rejalashtirilgan. Unda o‘t ochishni to‘xtatish, sanksiyalarni bekor qilish, Hurmo‘z bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlash va AQSh qo‘shinlarini hududdan olib chiqish kabi shartlar bor.

Shu bilan birga, Eron tomoni muzokaralarga “to‘liq ishonchsizlik” sharoitida kirishayotganini bildirmoqda.

Donald Tramp ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan so‘ng AQShning “to‘liq va yakuniy g‘alabasi”ni e’lon qildi, deb xabar bermoqda OAV. «To‘liq va yakuniy g‘alaba. 100 foiz. Hech qanday shubha yo‘q», — dedi u. Qizig‘i shundaki, Eron ham o‘zini g‘olib deb atamoqda.

“Urushda g‘olib bo‘lmaydi, degan gap bor, lekin bu safar ikkala, hatto uchala tomon ham o‘zini g‘olib deb e’lon qilgani yaxshilikka bo‘lsin.

G.Xoldorova tayyorladi.