Samarqand triatlon bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
25-26 aprel kunlari “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazi hududida “World Triathlon Championship Series – 2026” va “World Triathlon Para Series – 2026” musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
Jahon triatlon tashkiloti homiyligida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli musobaqa xalqaro triatlon poygalari seriyasining eng yuqori pog‘onasi bo‘lib, Markaziy Osiyoda birinchi marta o‘tkazilmoqda.
Mazkur nufuzli sport tadbiri oldidan musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari va triatlon yulduzlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Jahon toifasidagi professional triatlonchilar - Henry Graf, Miguyel Hidalgo, Taylor Spivey, David Santero Del Sampo, Jeanne Lehair, Jeremy Kuindios musobaqa haqida fikrlarini bildirdi. Xususan, o‘tgan yil Janubiy Amerikada bo‘lib o‘tgan WT Cup musobaqalarida 2 ta shohsupaning yuqori pog‘onasini egallagan Jeanne Lehair o‘zini yaxshi his qilayotgani va Samarqandda ham medal uchun kurashishini ma’lum qildi.
Matbuot anjumanida triatlon bo‘yicha xalqaro musobaqalar Samarqandda avval ham yuqori saviyada tashkil etilgani va 2024 yilda birinchi marta o‘tkazilgan jahon kubogi jahon triatlon tashkiloti, xorijlik sportchilar va muxlislar tomonidan yuqori baholangani qayd etildi.
O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kunning ta’kidlashicha, turnirda 30 ga yaqin mamlakatdan eng kuchli atletlar ishtirok etadi. Ushbu musobaqa Samarqandning nafaqat Markaziy Osiyoda, balki xalqaro sport maydonida ham rivojlanayotgan jahon triatlon markazi sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqlashi kutilmoqda. Shu bilan birga, nufuzli sport tadbiri dunyo bo‘yicha eng go‘zal shaharlardan birida sport, madaniyat va tarixni birlashtiradi.
Musobaqa ishtirokchilari “World Championship” doirasida Standard masofada 1,5 kmlometr suzish, 40 kilometr velosiped poygasi va 10 kilometrga yugurish bahslarida qatnashadi.
“World Triathlon Para Cup”da turli toifadagi para-atletlar, xususan, jismoniy cheklovlarga ega atletlar ( PTS2-3-4-5), nogironlik aravachasidagi atletlar (PTWC) va ko‘rish qobiliyati cheklangan atletlar, o‘z gidlari bilan (PTVI ) ishtirok etadi.
Sprint masofasida esa 750 metr suzish, 19 kilometr velopoyga hamda 5 kilometrga yugurish musobaqalari o‘tkaziladi.
Triatlonchilar musobaqa davomida “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hududi, eshkak eshish kanali, shuningdek, “Boqiy shahar” majmusi bo‘ylab belgilangan masofani bosib o‘tadi.