Ertaga Samarqandda triatlon va para triatlon bo‘yicha jahon kubogi musobaqalari boshlanadi

24-25 may kunlari Samarqandda triatlon va para triatlon bo‘yicha “World Triathlon Cup Samarkand-2025”, “World Triathlon Para Cup Samarkand-2025” musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Samarqand shahrida joylashgan "Hilton Regency" mehmonxonasida xalqaro musobaqalar oldidan tashkilotchilar va mashhur sportchilar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari va keng jamoatchilik uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda dastlab nufuzli xalqaro musobaqaning ahamiyati hamda mezbon sportchilarning turnirga tayyorgarligi, umuman, musobaqa haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, musobaqada bu yil 35 dan ortiq mamlakatdan, jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Belgiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Avstriya, AQSh, Vengriya, Italiya va boshqa ko‘plab davlatlar vakilari ishtirok etadi. Ushbu musobaqa ketma-ket ikkinchi yildirki, Markaziy Osiyoning markazida o‘zining tarixi, madaniyati va mehmondo‘stligi bilan mashhur qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazilmoqda.

Jahon kubogi musobaqalari para sportchilarning bahsi bilan soat 7:00 da boshlanadi. Bellashuvlar ikki masofada o‘tkaziladi. Jumladan, para sportchilar uchun sprint 750 metrga suzish, 19 kilometr velosiped poygasi va 5 kilometrga yugurish. Elit sportchilar uchun standart 1,5 kilometr suzish, 40 kilometr velosiped va 10 kilometr yugurish musobaqalari o‘tkaziladi. Undan keyin toifaga qarab, bir nechta startlar rejalashtirilgan. Elita poygalari elita ayollar uchun soat 11:30 da va elita erkaklar uchun 14:30 da bo‘lib o‘tadi.

Matbuot anjumanida o‘tgan yil Samarqandda o‘tkazilgan jahon kubogi musobaqasida ishtirok etgan va yuqori natijalarga erishib kelayotgan mashhur sportchilar triatlion bo‘yicha Samarqandda o‘tkazilgan jahon kubogida 2-o‘rinni egallagan Buyuk britaniyalik Jessika Fullagar, shu yil Chengduda o‘tkazilgan jahon kubogida 8-o‘rinni egallagan vengriyalik Marta Kropko, o‘tgan yil Samarqandda o‘tkazilgan jahon kubogida 5-o‘rinni egallagan italiyalik triatlonchi Ilaria Zane, Avstraliyadan Tobi Povers, triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi g‘olibi Shuxan, 2024 yilgi o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati kumush medali sovrindori, Chengdudagi triatlon bo‘yicha jahon kubogi g‘olibi, amerikalik Riz Vannerson jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

- Samarqandda ikkinchi marta jahon kubogida ishtirok etyapman, - deydi Buyuk britaniyalik triatlonchi Jessika Fullagar. - Tanish joyda ikkinchi marta, bir xil musobaqada qatnashish sportchi uchun eng yaxshi afzallik. Albatta, bu imkoniyatdan foydalanib, musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun harakat qilaman.