Samarqand triatlon bo‘yicha yana bir nufuzli musobaqaga mezbonlik qiladi

23-24 avgust kunlari Samarqandda triatlon bo‘yicha «Challenge Samarkand-2025» xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu musobaqa “Challenge Family” jahon seriyasi tadbirining bir qismi bo‘lib, uch yildan beri ko‘hna kentda muhim sport tadbiriga aylangan.

O‘zbekiston triatlon federatsiyasi, Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, viloyat hokimligi hamda boshqa hamkor tashkilotlar ko‘magida tashkil etilayotgan mazkur nufuzli sport tadbiri oldidan  musobaqa tashkiliy qo‘mitasi a’zolari va triatlon yulduzlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kun, “Challenge Family” musobaqalari bosh direktori Jort Vlam, “Challenge Family” musobaqalari a’zosi Belinda Granger hamda jahon toifasidagi professional triatlonchilar - Amelia Vatkinson, Maks Stapley, Sara Perez Sala, Henri Schoyeman Marta Logovnik, Vill Draper va boshqa taniqli sportchilar ishtirok etib, musobaqa haqida fikrlarini bildirdi. 

O‘zbekiston triatlon federatsiyasi bosh kotibi Yelena Kunning ta’kidlashicha, turnirda o‘ttizdan ortiq mamlakatdan ikki ming nafardan ziyod triatlonchi ishtirok etadi. Ertaga dastlab sprint yo‘nalishida havaskorlar bellashuvlari start oladi. Keyin bolalar va ayollar poygasi  tashkil etiladi.

Bolalar poygasida eng yosh sportchilar uchun masofa 200 metrdan 1000 metrgacha bo‘lib, 300 nafar bolalar omadini sinab ko‘radi. 100 nafarga yaqin havaskor xotin-qizlar esa 5 kilometrga yuguradi. Shundan so‘ng triatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bahslari bo‘lib o‘tadi.

Turnirning asosiy bahslarida professional sportchilar o‘rta masofaga 1,9 kilometr suzish, 86 kilometr velosiped poygasi, 21,5 kilometr yugurish bellashuvlarida mahoratini ko‘rsatadi. Sprint yo‘nalishida esa 750 metrga suzish, 19 kilometr velepoyga va 5 kilometrga yugurish bahslari o‘tkaziladi.

Ishtirokchilar turnir davomida “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hududi, eshkak eshish kanali, shuningdek, “Boqiy shahar” majmusi va Samarqand shahrining tarixiy maskanlari bo‘ylab belgilangan masofani bosib o‘tadi.