Tramp AQShga immigratsiyani chekladi
AQSh Prezidenti Donald Tramp immigratsiyani cheklash bo‘yicha yangi farmonga imzo chekdi.
Unga ko‘ra, 60 kun davomida chet el fuqarolariga immigratsiya vizasi yoki «Green card» berilmaydi. Ya’ni, agar siz «Green card» yutib olgan bo‘lsangiz yoki AQSh fuqarosi bo‘lgan qarindoshingiz orqali «Green card» olayotgan bo‘lsangiz, 60 kungacha sizga viza berilmaydi va AQShga kira olmaysiz.
Allaqachon «Green card»i yoki boshqa turdagi vizasi borlarga bu taqiq amal qilmaydi. Ular viza yoki «Green card» bilan AQShga bemalol kirishlari mumkin. Tramp bu qarorni ishini yo‘qotgan amerikaliklarni himoya qilish maqsadida qabul qilganini aytmoqda. Ya’ni, unga ko‘ra, yangi immigrantlar hozirgi qiyin sharoitda AQShliklarning ishini olib qo‘yishi mumkin.
Xullas, ko‘p vahimalarga sabab bo‘lgan qaror amalda deyarli hech narsani o‘zgartirmayapti. Sayyohlik vizalari, talabalik vizasi yoki boshqa turdagi vizalarni olish tartibida o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. May oyida chiqadigan «Green card» lotereyasi natijalariga ham ta’sir qilmaydi. Chunki yutuq asosida viza uchun elchixonaga kirguncha ikki oy o‘tib ketadi.
Yangi tartib sog‘liqni saqlash xodimlariga va AQSh fuqarosining turmush o‘rtog‘i hamda 21 yoshga to‘lmagan farzandlariga taalluqli emas. Ya’ni ular taqiq paytida ham AQShga kelish uchun immigratsion viza olishlari mumkin.
Koronavirus tufayli elchixona hozir hech kimga hech qanday viza berayotgani ham yo‘q va bu holatning yana qancha davom etishi aniq emas. Xalqaro qatnovlar ochilguncha bu 60 kunlik muddat o‘tib ketishi ham mumkin.