Kim grin-kart o‘ynamaydi?

Internet ma’lumlotlariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonda 2 million 114 ming 446 kishi grin-kartda o‘z omadini sinab ko‘rgan. Bu 33 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan mamlakatning salkam 7 foiziga teng. Demak, O‘zbekiston aholisining salkam 7 foizi agar omadi chopib qolsa, O‘zbekistonni tark etib, Amerikada yashashga tayyor.

Tasavvur qiling, dunyo aholisining 0,4 foizini tashkil qiladigan o‘zbekistonliklarning Amerikaga yo‘l olishni istovchi sayyoradoshlarimiz umumiy sonidagi ulushi 9 foizga teng. Boshqacha aytganda, Yer yuzida grin-kart o‘ynaganlarning har 11-si – o‘zimiznikilar.

Zohiran, 93 foiz odam O‘zbekistonga sodiq. Qolganlar O‘zbekistonning kelajagiga ishonmaydi, deb xulosa chiqarish mumkinmi? Shoshilmaylik. Qolgan 93 foizga kimlar kiradi o‘zi? O‘zimiz bir xomcho‘t qilaylik-chi:

- grin-kart haqida tushunchaga ega bo‘lmaganlar (taxminan 1%);

- yetarlicha daromad manbaiga ega tadbirkorlar, moddiy ta’minoti sababli Amerikaga borib “mo‘may daromad orttirish”ga ehtiyoji bo‘lmaganlar (taxminan 10%);

- hali mehnatga layoqatli yoshga yetmaganlar (30%);

- mehnatga layoqat va “Amerika orzusi” yoshidan allaqachon o‘tib ketganlar (10%);

- davlat tashkilotlari, muassasalarda, yaxshi maosh oladigan ishlarda ishlovchi, grin-kartga topshirsam, “ro‘yxatga tushib qolishim mumkin”, degan xavotirda yurganlar (taxminan 20 %);

- ishi ko‘pligi yoki hafsalasizligi sabab elektrondan ro‘yxatdan o‘tishga ulgurmaganlar (2%);

- sudlanganlar yoki Amerikada bo‘lish qoidalarini buzib, grin-kartdan noumid qolganlar (1%);

- allaqachon turli xorijiy davlatlarga borib, yaxshi pul ishlab topayotganlar (10%);

- o‘zining salomatligi yoki jismoniy imkoniyatlariga ishonmaganlar (1%);

- qolaversa, Vatanini jondan ortiq ko‘ruvchilar va boshqalar (7%).

Albatta, bu taxminiy va nisbiy hisob-kitoblar, xolos (xorijda imkoniyati yetarli bo‘la turib, yoshi katta yoki kichik bo‘lasa-da, grin-kart o‘ynaganlar ko‘p bo‘lishi mumkin). Lekin bu taxminiy ko‘rsatkichlar real tasavvurlarga asoslangan holda tuzildi.

Ko‘rinib turibdiki, aholimiz orasida faqat O‘zbekistonga sadoqati sababli “O‘zbekistondagi imkoniyatlar hech qaysi mamlakatdagidan qolishmasligiga ishonadigan, o‘z yurtining somonini o‘zga yurtning bug‘doyigi alishishni istamaydigan”lar juda kam.

Holbuki, yillar davomida televideniye, radio, matbuot orqali xalqimiz vatanparvarlikka da’vat qilib kelindi. O‘zga yurt, xususan, Amerikada ham kun kechirish og‘irligi haqida maqolalar, ko‘rsatuvlar, hatto filmlar va seriallar suratga olindi. Xorijga ketganlar “mo‘may pul ilinjida, o‘z yurtidan yuz o‘girganlar”, hatto “Vatan xoinlari” darajasida qoralandi.

Aslida-chi? Raqamlar hammasini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi. Odamlar nima deb o‘ylashni, qanday xulosa chiqarish va qanday yashashni o‘zlari bilishadi. Ko‘rinib turibdiki, imkoni bor odam Amerikaga ketishni, yaxshiroq pul topishni, farovonroq kun kechirishni istaydi va har bir inson bunga haqli.

Shunday ekan, xalqqa vatanparvarlik, yurtga muhabbat va sadoqat haqidagi da’vatlardan ko‘ra, yaxshi yashash, ishlash, o‘qish uchun sharoit yaratib berish muhim. Agar o‘zimizda shart-sharoitlar yuqori darajada bo‘lsa, har bir inson o‘zini qoniqtiradigan darajada ish, o‘qish, daromad manbai topa olsa, hech kim o‘zi tug‘ilib o‘sgan joyini tashlab ketishni istamaydi. Albatta, bu boradagi sa’y-harakatlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin yuqoridagi 14 foiz bu borada ishlarni yanada kuchaytirish lozimligini ko‘rsatadi.

Jahonda 2-o‘rinni olganimiz yumshoq qilib aytganda, og‘riqli holat. Qolaversa, bu bilan Amerikaga ketishni xohlovchilarni O‘zbekistonni sevmaslikda ayblamoqchi emasman. Zotan, oyiga 2000 dollar topish uchun Amerikaga ketishni orzu qilayotgan qorovul uyidan 1,5 million dollar topilgan hokim o‘rinbosaridan ko‘ra, Vatanini ko‘proq sevishi, Vataniga ko‘proq foyda keltirishi mumkin.

Shunchaki, bugun Vatanni sevish, uning har qarich tuprog‘i uchun jon fido qilish haqidagi da’vatlar qorin to‘ydirmasligini odamlarimiz juda yaxshi biladi. Shuni unutmaylik.

Aytgancha, o‘zim ham oxirgi 7 foizga kiramanmi, yo‘qmi bilmadim. Ammo hali grin-kart ro‘yxatidan o‘tganim yo‘q...

Rustam JABBOROVning feysbukdagi sahifasidan olindi.