Olis hududdagi maktab o‘qituvchisi ming dollardan ziyod maosh olyapti

Qo‘shrabot tumanidagi 51-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tuman markazidan 70 kilometr uzoqlikda joylashgan. Maktab 2024 yilda viloyat prokuraturasi mablag‘lari hisobidan yangidan qurilib, foydalanishga topshirilgan.
Bugun ushbu olis hududdagi maktabga Buxoro, Jizzax, Farg‘ona, Namangan viloyatlaridan 10 nafar oliy toifali o‘qituvchi jalb qilingan. Ularga Respublika Prezidentining 2021 yil 11 yanvarda “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 100 foizli ustama pullari to‘lanyapti.
- Men Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidan kelib, ingliz tilidan dars beryapman, - deydi oliy toifali o‘qituvchi Azima Tursunova. – Prezidentimiz olis hududlarga borib dars beradigan o‘qituvchilar 1000 dollargacha maosh oladi, degandilar. Men bugungi kunda ushbu 51-maktabda ishlab, ushbu summadan ham ko‘proq ish haqi olyapman.
- Olis hududdagi maktabga kelib ishlayman, deb hech o‘ylamagandim, - deydi oliy toifali o‘qituvchi Sanobar Tojiqulova. – Meni maktab rahbariyati, o‘quvchilar va ota-onalar yaxshi kutib olishdi. Aholining ochiq ko‘ngilligi, biz o‘qituvchilarga ishonch bildirayotganini ko‘rib, astoydil mehnat qilyapman. Olis hududdagi maktab o‘quvchilari ham ertaga vatanimiz rivojiga o‘z hissasini qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lishi kerak.
Darhaqiqat, ayni kunda olis hududdagi maktablar ham viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Yaqinda boshqarma boshlig‘i Muzaffar Hamdamov ushbu maktabda bo‘lib, o‘qituvchilar holidan xabar oldi. Maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘qituvchilarning taklif va muammolarini eshitdi.
O‘qituvchilar ta’lim tizimidagi islohotlardan, ularga yaratilgan sharoitlardan mamnunligini bildirib, ta’lim muassasasida interaktiv doskalarni ko‘paytirishda amaliy yordam so‘radi. Boshqarma boshlig‘i ushbu masala yuzasidan mahalliy hokimlik bilan kelishib, uning ijobiy yechimini topishga va’da berdi.
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.