Qo‘shrabotda qaysi yo‘llar asfalt qilinyapti?
Qo‘shrabot tumaniga olib boradigan “Mitan-Qo‘shrabot-Nurota” avtomobil yo‘lining uzunligi 75 kilometrni tashkil etadi. Mazkur yo‘lning aksariyat kismi qisman ta’mirlanib kelinar edi. Shu yilning iyul oyidan boshlab respublika byudjetidan ajratilgan 4,5 milliard mablag‘ hisobidan mazkur yo‘lning Shovona mahallasi hududidagi ta’mirtalab 9-15 kilometr qismi tekislanib, asfalt qilinmoqda.
- Har yili yo‘l qisman yamalaverganidan ham haydovchilardan, ham yo‘lovchilardan murojaatlar ko‘payib ketgandi, - deydi Qo‘shrabot tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi bo‘lim boshlig‘i Ismoil Xidirov. – Joriy yilgi davlat dasturiga asosan mazkur avtomobil yo‘lining eni 7 metrdan 9 metrgacha kengaytirilmoqda. Hozirgacha rejadagi 6 kilometr yo‘lning 2 kilometrida asfaltlash ishlari yakunlandi. Ishchilarimiz tomonidan kuniga 250-300 metr masofada 3 qavat tosh, sheben va bitum tashlanib, asfaltlanmoqda.
Yo‘lning bir tomonidan piyodalar yo‘lagi ham qurilmoqda. Hududdagi noqonuniy qurilmalar olib tashlanib, savdo-sotiq do‘konlari va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ichkariga olinyapti.
- Shu paytgacha asfalt Samarqand shahridan tashib kelinar va ancha qimmatga tushar edi, - deya ma’lumot berdi tuman yo‘llardan foydalanish korxonasi davlat muassasasi boshlig‘i Asqar Turonov tumanda yo‘llarni asfalt qilish holati bo‘yicha tashkil etilgan press-tur ishtirokchilariga. – Yaqinda tumanimizdagi Do‘stlik mahallasida asfalt ishlab chiqarish korxonasi faoliyat boshladi. Ayni kunlarda korxonada kuniga o‘rtacha 500-600 tonna asfalt ishlab chiqarilmoqda. Natijada asfalt bizga va qo‘shni Ishtixon va Payariq tumanlari yo‘lsozlariga yetkazib berilyapti.
Ushbu avtomobil yo‘lining ta’mirlash ishlarini shu yilning sentyabr oyida yakuniga yetkazish rejalashtirilgan.
Dilmurod To‘xtayev.
Fayoz Nizomov olgan suratlar.