Samarqanddagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi ta’mirlanyapti

Ayni kunlarda Samarqand shahridagi Mirzo Ulug‘bek ko‘chasining Ko‘ksaroy maydoni va Beruniy ko‘chasigacha bo‘lgan qismini ta’mirlash va asfalt qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

3,3 kilometrni tashkil etadigan ushbu ob’yekt Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan bajarilmoqda.

- Ob’yektning umumiy qiymati 23 milliard 103,8 million so‘mni tashkil etadi, - deydi "Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati" davlat muassasasi direktori o‘rinbosari Akbar Mirzayev. - Ushbu yo‘lga asfalt yotqizish ishlari “Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi buyurtmasi asosida “Past Darg‘om tuman yo‘llardan foydalanish” davlat muassasasi tomonidan olib borilmoqda. Ob’yektni ta’mirlash ishlariga 30 dan ortiq ishchi hodim, 29 ta texnika jalb qilingan.