Yangi tizimni joriy etish holati tanqidiy tahlil qilindi

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov viloyatimizda tajriba-sinov tariqasida amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modelini joriy etish borasidagi ishlarni o‘rgandi.

Davlatimiz rahbarining 2025 yil 19 maydagi “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni asosida mamlakatimizda ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi tizimini joriy etilmoqda.

Bunda, avvalo, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari, xususan, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar, mahalla tibbiyot punktlari faoliyatini yagona yondashuv asosida tashkil qilish orqali tibbiyot aholiga yanada yaqinlashtirilmoqda. Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda oilaviy shifokor ulushini 70 foizga yetkazish, sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish hamda tibbiyotda qog‘ozbozlikni kamaytirish orqali tibbiyot xodimlari ish yuklamasini 30 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan. O‘z navbatida tibbiyot xodimlarini samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari asosida moddiy rag‘batlantirish tizimi joriy qilinmoqda.

Yangi model 2025 yil 1 iyuldan respublikamizning 15 ta tuman va shaharlarida, 2026 yil 1 yanvardan boshlab esa to‘liq Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida joriy etildi. Shu paytgacha viloyatdagi barcha tibbiyot tashkilotlari xatlovdan o‘tkazilib, 347 ta birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasi tashkil etildi va 93,2 foiz aholining tibbiy ma’lumotlari DMED tizimiga kiritildi. Raqamlashtirish maqsadida tibbiyot muassasalariga 4 mingdan ortiq kompyuter texnikasi va muhandislik qurilmalari o‘rnatildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri viloyatdagi tibbiy muassasalarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga e’tibor qaratdi.

– Viloyatda tegishli vazifalar ijrosi holati kuni kecha shtab yig‘ilishida batafsil ko‘rib chiqilgan edi, endi muammolarning asl sabablarini chuqur tahlil qilgan holda zarur choralarni belgilash lozim, – dedi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Xudoyorov viloyat tibbiyoti mas’ullari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda. – Eng avvalo, ayrim rahbarlar o‘z zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglab yetmagani bois bir qator tumanlarda tor soha mutaxassislarining malakasini oshirish rejalari ishlab chiqilmaganini qanday izohlash mumkin. Olis va chekka hududlarda joylashgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor hamda o‘rta tibbiyot xodimlariga ehtiyoj bo‘lsa-da, rahbarlar buning uchun zarur choralarni ko‘rmagan, boshqarmaga murojaat qilmagan.

Shuningdek, yig‘ilishda aholi bilan bitim tuzish ko‘rsatkichi yetarli darajada emasligi, markaziy laboratoriyalarni tashkil etish, avtotransport ta’minoti, logistika, tibbiy uskunalardan samarali foydalanish va stomatologiya xizmatini autsorsingga berishda ham qator muammolar borligi afsus bilan ta’kidlandi.

A.Xudoyorov onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasiga ham to‘xtalib, mazkur yo‘nalishda tibbiy protokol va standartlarga rioya qilinmagani yuzasidan keskin e’tiroz bildirdi. Shu bilan birga, erta tug‘uruqning oldini olishda mahalla bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Tadbirda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tuman va shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlariga intizomiy choralar ko‘rilishi qayd etilib, mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.

G‘.Hasanov.