Ezgu maqsadlar mushtarak bo‘lgan tashrif
Samarqand yer yuzining sayqali, Sharq gavhari va qadimiy ilm-ma’rifat markazi sifatida o‘zining ming yillarga teng tarixi bilan tanilgan. U Sharq va G‘arbni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan ko‘plab me’moriy obidalari bilan dunyoga mashhur hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga qilgan navbatdagi tashrifi avvalgilaridan-da boshqacha bo‘ldi.
Dastlab, Yurtboshimiz Samarqand shahridagi Yoshlar kreativ shaharchasi va jamoat bog‘i bilan tanisharkan, bu manzil kelgusida yosh avlodni Yangi O‘zbekistonda yangicha fikrlashga va dunyoqarashga undovchi, ma’naviy intelektual salohiyatini oshiruvchi makon bo‘lishini ta’kidladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan poyezdga “Jaloliddin Manguberdi” nomini berish, buyuk bobolarimiz nomini abadiylashtirishga qo‘shayotgan ulkan ishlarning navbatdagisi bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, mazkur poyezdda viloyatdagi ziyolilar bilan Narpay tumanigacha suhbat qurib borgani keng jamoatchilikda iliq munosabatlar uyg‘ongani tabiiy.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Narpay tumanida Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda aytilgan aniq maqsadli tashabbuslar, rejalar, vazifalar viloyatimiz rivoji va aholi farovonligi uchun katta imkoniyat bo‘ldi.
Yurtboshimiz shu haftaning o‘zida Olmaliq shahrida 3-mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgani, poytaxtimizda nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning ma’naviy xazinasi bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Payariq tumanidagi buyuk hadisshunos ajdodimiz Imom Buxoriy yodgorlik majmuasining ochilganini alohida e’tirof etdi.
Prezidentimiz “Aminmanki, bu muazzam ziyoratgoh xalqimiz bilan bir qatorda millionlab xorijiy turistlar tashrif buyuradigan tabarruk maskanga aylanadi”, deya ta’kidlab o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasida yakuniga yetgan bunyodkorlik ishlari va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddis bobomizning Islom olamida tutgan yuksak mavqei, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi.
Yurtboshimiz ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratilganligining guvohi bo‘ldi.
Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilish jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-ma’rifat, tarbiya va ibrat maskani bo‘lishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidlagandi. Bugun ana shu ishlarning amaliy natijasiga biz ham guvoh bo‘ldik.
Ayniqsa, yangi qurilgan muhtasham masjidda Hayit namozi ado etilgani bu mo‘min-musulmonlarimiz, butun el-yurtimizning ko‘nglidagi ish, xalqimizga munosib Ramazon sovg‘asi bo‘ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi doirasida Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari bilan ham tanishdi.
Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda. Albatta, bu ishlar yakuniga yetsa boy ma’naviy merosimiz bo‘lgan manzilga ham ko‘plab ziyoratchilar va xorijlik sayyohlar qadami uzilmaydi.
Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda. Bu ham o‘z navbatida ilmiy-ma’naviy merosimizning nechog‘lik boy ekanidan dalolat.
Yurtboshimizning tashrifdagi tashabbuslari, takliflari, belgilab bergan asosiy vazifalari viloyatimizning ham ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, shuningdek, ma’naviy va ma’rifiy sohadagi yangi bir yo‘lni boshlab berish bilan ahamiyatli bo‘ldi. Aytilgan har bir so‘z va chaqiriqlari biz uchun katta mas’uliyat yuklash barobarida, yangicha qarashga, ishlarimizni yanada jonlantirishga undaydi.
Xolbek Kubayev,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari.