O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari 71 mlrd dollarga yaqinlashdi
Mamlakatimizning oltin-valyuta zaxiralari 2026 yil 1 may holatiga ko‘ra, 70,9 mlrd dollargacha ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Zaxiramizning qariyb 87 foizini tashkil etuvchi oltin narxining qimmatlashuvi zaxiralar o‘sishining asosiy omili bo‘ldi. Jahon bozorida narxlar oshgani fonida oltin zaxirasi qiymati 743,6 million dollarga oshib, 61,6 milliard dollarga yetdi. Valyuta zaxiralari qismi ham 1,15 milliard dollarga ko‘payib, 8,7 milliard dollarga yetdi.
Zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 13,4 mln troya unsiyadan 13,3 mln troya unsiyagacha kamaygan. Bu esa aprel oyida oltin sotilgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Qimmatli qog‘ozlar hajmi esa biroz oshib, 1,55 milliard dollarni tashkil etdi.
Mart oyida zaxiralar hajmi 8,1 mlrd dollarga (10,5 foizga) qisqarib, 68,99 mlrd dollarni tashkil etgandi. Bunga o‘sha oyda oltin narxining 5174 dollardan 4553 dollargacha tushishi jiddiy ta’sir qilgandi.
O‘zbekistonda ikkita yirik korxona — Navoiy va Olmaliq kon metallurgiya kombinatlari oltin qazib oladi. Markaziy bank ulardan oltinlarni sotib oluvchi yagona xaridor va eksklyuziv huquq egasi hisoblanadi. O‘tgan yili Navoiy kon metallurgiya kombinatining o‘zi 98,1 tonna oltin qazib olgan. Buning umumiy qiymati 135,6 trillion so‘mni (11,3 milliard dollar) tashkil etgan. Mart oyida O‘zbekiston oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha dunyoda 14-o‘rinni egallagadi.
Oxirgi yillarda mamlakat eksporti tushumlarining qariyb uchdan bir qismi oltin sotuvidan kelmoqda. Jumladan, 2025 yilda respublika tarixda kuzatilmagan yuqori qiymat — 9,9 milliard dollarlik oltin eksport qilindi. Bu mamlakat jami yillik eksport qiymatining 29,3 foiziga teng.