Matonatli askar
Boltali qishlog‘ining chekkasidagi kichik bir hovlida Qumri xola yolg‘iz o‘g‘li Abdumajid bilan istiqomat qilardi. Turmush o‘rtog‘i Ergash aka xastalik sabab bu dunyoni tark etgan. Bor mehri va hayotining mazmuni shu yagona jigarbandiga ko‘chgandi. Qumri xola o‘g‘lini oq yuvib, oq tarab, hech kimdan kam qilmay voyaga yetkazdi. Abdumajid ham onasining orzu-havasidek kelbatli, irodali va har so‘zi salmoqli yigit bo‘lib ulg‘aydi.
Ona va bola o‘rtasidagi mehr shunchallik ediki, Abdumajid ko‘chaga yumush bilan chiqsa, Qumri xola o‘g‘li qaytmaguncha tomog‘idan ovqat o‘tmas, ko‘zi doim uning yo‘lida bo‘lardi. Abdumajid ham onasini yeru ko‘kka ishonmas, uning duolarini o‘zi uchun katta davlat, deb bilardi.
Biroq osmon har doim ham musaffo bo‘lavermas, uni qora bulutlar ham qoplab turar ekan. Xalq boshiga og‘ir musibat tushdi: urush boshlandi. Bu sovuq xabar har bir xonadonga qayg‘u olib kirdi. Qirg‘in farzandlarni onalar bag‘ridan, otalarni oilasidan, sevishganlarni bir-biridan ayira boshladi. Hali hayot nashidasini surib ulgurmagan yosh yigitlar or-nomus va Vatan himoyasi uchun jangga otlandilar.
Abdumajidga kelgan chaqiruv qog‘ozi Qumri xolaning dunyosini ostun-ustun qilib yubordi.
- Bolam, sen mening yolg‘izimsan, jigarbandimsan! Seni o‘t-olov ichiga qanday jo‘nataman? - deya faryod chekdi ona.
Abdumajid ichidan yig‘lasa-da, onasiga bildirmadi. Uni ohista bag‘riga bosib, yuzidan o‘pdi:
- Onajon, boshingizni ko‘taring! Yovga bo‘yin egmaymiz! Agar siz egilsangiz, men o‘zimni mag‘lub hisoblayman. Menga ishoning, dushmanni yer tishlatib, bag‘ringizga qaytaman.
Ertasi kuni o‘g‘lini kuzatishda Qumri xola bir dona shirmoy non olib chiqdi va farzandiga tishlatdi:
- Bolam, bu - rizqing. Urushdan qaytganingda, qolganini o‘z qo‘llarim bilan yediraman. Bu tishlangan non sening bu dunyodagi rizqing butunligidan, qaytib kelishingdan darak, - deya ona o‘g‘lining peshonasidan o‘pib, oq yo‘l tiladi.
Abdumajid tengdoshlari bilan jangga kirar ekan, har gal onasining “Bolam, qaytgin!” degan nidosi qulog‘i ostida yangrardi. U tunni tongga ulab, Vatan uchun ayovsiz kurashdi. Safdoshlarining o‘q yeb yiqilganini, dushmanning vahshiyligini ko‘rgani sayin qalbida nafrat alangasi kuchaydi. Kamsonli askarlar bilan qolganida ham chekinmadi, asir tushgan ko‘plab safdoshlarini dushman changalidan qutqarib oldi.
Yillar o‘tdi. Urushning dahshatli changali Abdumajidni ham chetlab o‘tmadi. Janglarning birida og‘ir yaralanib, bir qo‘lidan ayrildi. Ammo irodasi bukilmadi. Nihoyat, uzoq kutilgan xushxabar keldi: G‘alaba! Butun dunyoni “Ura!” degan hayqiriq tutdi.
Abdumajid qishlog‘iga qaytdi. Qumri xola o‘g‘lini ostonada ko‘rganda ko‘zlariga ishonmadi. Bir yengining bo‘shligini ko‘rib yuragi ezilsa-da, farzandining tirikligi uchun shukronalar aytdi. Ichkariga kirgach, ona o‘sha yillar davomida gilam tepasida ehtiyotlab saqlangan, qotib qolgan nonni oldi.
- Mana, bolam, rizqing butun ekan, - deya nonni uzatdi.
Abdumajid onasining qaltirab turgan kaftlaridan nonni olib, mehr bilan tishladi. Shunda vujudini ajib bir entikish va xotirjamlik egalladi:
- Onajon, boringizga shukr! Sizning duongiz va mana shu non meni o‘limdan asrab qoldi, - dedi u past ovozda.
Qumri xola duoga qo‘l ochdi:
- Ilohim, endi urush bo‘lmasin! O‘tganlarning oxirati obod bo‘lsin, yurtimizga tinchlik bersin!..
Fotima ERGAShEVA,
Narpay tumani.