Bolalar oromgohlari yozgi mavsumga tayyorlanmoqda

Samarqand viloyatida 2026 yil yozgi mavsumda bolalar dam olishini xavfsiz va mazmunli tashkil etish maqsadida oromgohlarni mavsumga tayyorlash ishlari davom etmoqda.

Bu borada Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining viloyat boshqarmasi tomonidan qator sanitariya-gigiyena va epidemiologik talablar belgilandi.

Mazkur tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining “2026 yil yoz mavsumi davomida bolalarni dam oldirishni tizimli tashkil etish, sog‘lomlashtirish ishlariga tayyorgarlik ko‘rish hamda mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi bayoni hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining tegishli ko‘rsatmalari asosida olib borilmoqda.

Viloyatdagi bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida ayni kunlarda hududlarni obodonlashtirish, binolarni ta’mirlash va tozalash, ichimlik suvi hamda oqova suv tizimlarini dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Yotoqxonalar, oshxonalar va tibbiyot xonalari sanitariya talablariga mos ravishda jixozlanmoqda. Oshxonalarga qo‘shimcha muzlatkichlar, marmitlar va zarur texnologik jihozlar o‘rnatilmoqda. Oqartirish va dezinfeksiya vositalari zaxirasi shakllantirilib, xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda sanitariya minimum o‘quvlarini tashkil etish ishlari nazoratga olingan.

Bundan tashqari, cho‘milish basseynlarini ta’mirlash va dezinfeksiya qilish, tibbiyot punktlarini dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, hududlarning tungi yoritish tizimlarini yaxshilash ishlari ham olib borilmoqda. Har bir oromgohda pirometr, antiseptik vositalar va zarur tibbiy jihozlar bo‘lishi shart etib belgilangan.

Mutasaddilar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati ham qat’iy nazorat qilinmoqda. Oromgohlarga faqat sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga ega mahsulotlarni qabul qilish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilmoqda.

Sanepidqo‘mita mutaxassislari tomonidan barcha oromgohlar bosqichma-bosqich o‘rganilib, sanitariya-gigiyena talablari to‘liq bajarilgandan keyingina faoliyat boshlash uchun ruxsatnoma beriladi.

Bu yil viloyatdagi 14 ta doimiy oromgohda yozgi mavsumda 8700 nafardan ortiq bolalarni sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan

Latif Rustamov,

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i.