Zarafshon havzasida suv hisobini yuritishda zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi

Zarafshon daryosi havzasida suv resurslarini samarali boshqarish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Shveysariyaning Caritas Switzerland tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda uning xalqaro texnologik hamkorlari tomonidan Zarafshon magistral kanallar tizimi boshqarmasi mutaxassislari uchun amaliy o‘quv-seminari tashkil etildi.

Tadbirda daryo va kanallarda suv sarfini aniq o‘lchash, gidrometrik kuzatuvlarni zamonaviy usullar asosida tashkil etish hamda cho‘kindilar monitoringini yuritish bo‘yicha ilg‘or tajribalar taqdim etildi.

Shveysariya hukumati moliyalashtirayotgan “Zarafshon daryosi havzasida iqlimga chidamli integratsiyalashgan suv resurslarini boshqarish (CR-IWRM)” loyihasi doirasida boshqarmaga zamonaviy M9 Acoustic Doppler Current Profiler (ADCP) qurilmasi yetkazib berildi. Mazkur uskuna suv oqimining tezligi va sarfini yuqori aniqlikda o‘lchash imkonini beruvchi zamonaviy gidrometrik vosita hisoblanadi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida mutaxassislar qurilmani ishga tayyorlash, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash, suv sarfi bo‘yicha hisobotlar shakllantirish hamda real vaqt rejimida kanallarda cho‘kindi to‘planishini baholash bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur texnologiyaning amaliyotga joriy etilishi Zarafshon daryosi suvlaridan foydalanuvchi hududlarda suv hisobini yuritishning aniqligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish hamda boshqaruv qarorlarini tezkor va aniq qabul qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Mazkur tashabbus suv xo‘jaligi sohasida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, mutaxassislar salohiyatini oshirish va suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

N.ShODMONQULOV.