Kitoblar osmon bilan tutashgan maskan
Janubiy Koreyada kutubxona deganda faqat jim-jit o‘quv zali emas, balki zamonaviy shahar madaniyatining bir qismi tushuniladi. Biz Suvon shahridagi Starfild Byolmadang kutubxonasida bo‘lganimizda buning yorqin namunasini ko‘rdik. Bu yerda kitob, me’morchilik, san’at va dam olish bir makonda uyg‘unlashgan.
Kyongi-do viloyatida joylashgan Suvon shahri tarixiy Xvason qal’asi va zamonaviy sanoati bilan mashhur. Endi esa shaharning eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri — Starfild savdo majmuasi ichidagi Byolmadang kutubxonasi ham Suvon shahrini yanada mashhurlikka chiqarmoqda. Koreys tilida «Byolmadang» — «Yulduzlar maydoni» degan ma’noni anglatadi.
Kutubxona to‘rtinchi qavatdan yettinchi qavatgacha cho‘zilgan ulkan atrium shaklida barpo etilgan. Balandligi qariyb 22 metrga yetadigan kitob javonlari, keng ochiq maydon va tabiiy yorug‘lik bu yerga kirgan har bir kishida san’at galereyasida turganday taassurot uyg‘otadi.
Bu yerda o‘n minglab kitoblar jamlangan. Fonddan badiiy adabiyot, dizayn, san’at, biznes, sayohat, psixologiya va turmush tarziga oid kitoblar o‘rin olgan. Uchinchi qavatda bolalar uchun alohida kutubxona ham tashkil etilgan.
Eng muhimi, bu maskan kitob o‘qishdan tashqari madaniy hayot markazi vazifasini ham bajaradi. Bu yerda mualliflar bilan uchrashuvlar, ma’ruzalar, ko‘rgazmalar va kichik konsertlar o‘tkaziladi. Shu bois kutubxonaga talabalargina emas, oilalar, sayyohlar va shahar aholisi ham tashrif buyuradi.

Byolmadang kutubxonasining asosiy g‘oyasi oddiy: kitobni odamning o‘ziga yaqinlashtirish. Savdo markaziga kelgan kishi, avvalo, jozibali muhitga qiziqib kiradi, keyin esa beixtiyor kitoblarga murojaat qiladi. Bu kitobxonlikni targ‘ib qilishning zamonaviy va samarali usulidir.
Bu tajriba O‘zbekiston uchun ham qiziqarli. Yirik shaharlardagi savdo markazlarida ochiq kitob maydonlari tashkil etilsa, kitob kundalik hayotning tabiiy qismiga aylanishi mumkin. Chunki bugun kitobxonlikni rivojlantirish uchun faqat targ‘ibot emas, balki odamni kitobga yetaklaydigan jozibali muhit ham zarur.
Suvondagi Byolmadang kutubxonasi ana shu yondashuvning muvaffaqiyatli namunasidir. Bu yerda kitob javonda saqlanadigan buyum emas, balki shahar hayotining ajralmas qismi sifatida yashaydi.
Abduhamid XUDOYBERDIYeV,
Samarqand - Seul - Suvon.
Janubiy Koreyadan Zarnews.uz uchun maxsus.