Xorijda o‘qiyotgan talaba hikoyasi: Chet elda o‘qish oson emas, ammo...
Xorijda tahsil olayotgan talaba qiz bilan tanishib qoldim. U chet eldagi hayoti haqida gapirib berdi. U ism-sharifini oshkora qilishimni istamagani uchun uning ismini yozmadim.
- Avvaliga men uydagilarimga xorijda o‘qiyman deb oyoq tirab oldim, - dedi qiz. - Ular menga chet elda qiynalishimni aytsa, “bo‘lmagan gap”, dedim. Dastlab 2+2 dasturi asosidagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirdim va ikki yil vatanda o‘qidim. Qolgan ikki yilini Janubiy Koreya davlatida davom ettirishim kerak edi. Shunday bo‘ldi ham. Xorijda o‘qishim uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan uch oylik to‘lov-kontrakt pulini ota-onam bankdan kredit olib to‘ladi. Ularning uch oylik kontrakt puli bizning pulimizga anchagina bo‘ladi. Qolganini o‘zim xorijda ham o‘qib, ham ishlab topishim kerak edi.
Janubiy Koreyaga borgach, ikki yil birga o‘qigan dugonam bilan arzonroq ijara uy topib joylashdik. Vaqtni qo‘ldan boy bermasdan ish topishga kirishdik. Bir yoqda o‘qishimiz ham boshlanib qoldi. Tushgacha o‘qisak, tushlikdan keyinga ishlashimiz lozim edi. Aks holda chet eldagi yashash va o‘qish xarajatlariga uydagilarimiz pul topib berolmasdi.
Shunday kunlarning birida bir manzilga borish uchun yo‘lga chiqdim. Ammo hali shahar ko‘chalarini va transportini yaxshi bilmasdim. Bir mahalliy kishidan shu manzilga qanday borsam bo‘ladi, deb so‘radim. U menga qaysi raqamli avtobusga o‘tirishim va nechta bekatdan so‘ng tushishim kerakligini tushuntirdi. Bunga ham qanoat qilmay, bekatda men bilan avtobus kutib turdi. Avtobus kelgach, haligi koreys millatli odam haydovchiga manzilimni aytib, meni o‘sha bekatga tushirib ketishni tayinladi. Koreys xalqining olijanobligidan quvonib ketdim. Bizda bo‘lsa, deyarli hech kim bunday iltifot qilmaydi. Nari borsa, manzilni tushuntirib, yo‘lida davom etadi.
Uyga kelsam dugonam internetdagi e’lonlardan bir ish topibdi. “Sen gaplash”, dedi menga. O‘zi hali koreys tilida ravon gapirolmasdi. Men e’lon egasiga telefon qildim, uning taklifi bilan dugonam ikkimiz ish beruvchi bilan tanishib, ishni qachondan boshlashimiz kerakligini gaplashib keldik. Xullas, ish beruvchi oshxona egasi bo‘lib, biz darsdan keyin oshxonadagi yumushlarni bajarishimiz kerak edi.
- Karta raqamlarimizni ish beruvchiga berishimiz kerak ekan. U ishimizga qarab maosh berishini aytdi, - dedim dugonamga xonaga kelgach.
- Ikkimizning ish haqimizni mening kartamga tashlasa bo‘lmaydimi? Axir ishni men topdim-ku, - dedi dugonam jahl bilan.
- Tushunmadim, ishni sen topganing bilan, uni men gaplashdim. Qolaversa, har kimning ishiga qarab pul beriladi. Sening kartangga tushgan pulni qanchasi seniki, qanchasi meniki ekanini qayerdan bilasan? – dedim.
Dugonamga bu gaplarim yoqmadi, ikkimiz urishib qoldik. Ikki yil birga o‘qib, bir partada o‘tirib, uning bunday xarakteri borligini bilmagan ekanman. O‘sha kuniyoq dugonamdan ko‘nglim qolib, boshqa ijara uyga chiqib ketdim.
Xorijda boshqa vatandoshlardan ham yaxshilik ko‘rmadim. Musofirlikda vatandoshlar bir-birini qo‘llaydi, deb o‘ylardim. Afsuski, haqiqiy hayotda buning aksi bo‘lib chiqdi. Bir kuni o‘qish joyim mendan bir ma’lumotnoma so‘radi. Ma’lumotnomani elchixonadan olishim kerak edi. Elchixonaga telefon qilsam: “Biz sizga ma’lumotnoma bera olmaymiz”, dedi elchixona xodimi.
Shundan so‘ng ish beruvchimga elchixonadan ma’lumotnoma olishimga yordam so‘radim. U men bilan elchixonaga bordi. Elchixona vakili koreys millatli ish beruvchimning talabidan so‘ng, tezda menga ma’lumotnoma chiqarib berdi.
- Nega shuni kecha men so‘raganda bermadingiz? – dedim unga.
- U boshqa kishi bo‘lsa kerak, men siz bilan hozir gaplashyapman, - dedi uyalmay. Indamay chiqib ketdim.
Chet elda ham o‘qib, ham ishlash boshida qiyindek edi. Hozir o‘rganib ketdim. Bu yerda har bir daqiqamdan samarali foydalanaman. Vaqtimni behudaga sovurmayman. Darsdan keyin ishga, ishdan keyin ijara uyimga qaytib, dars tayyorlayman. Xonadosh dugonalarim ham men kabi xorijdan kelib o‘qiyotgan malayziyalik, indoneziyalik qizlar. Ular bilan birgalikda ahil yashayman. Kontrakt pullarimni ham o‘zim ishlab to‘layapman. Ammo musofirlikka chiday olmay vatanga qaytib ketgan talabalar ham bo‘ldi. Afsuski, ularning ko‘pchiligi o‘g‘il bolalar.
Janubiy Koreyada talaba darsga kelmasa, dars tayyorlamasa, o‘sha fandan imtihondan o‘tolmaydi. Bu albatta, o‘ziga zarar. O‘qituvchilar darslarini o‘tib ketaveradi, bizdagidek “Nega darsga kelmading, nega dars tayyorlamading”, deb so‘ramaydi. O‘zini va talabani asabini buzmaydi. Shuningdek, talabalarning kiyinish masalasi ham muhokama etilmaydi. Har kim o‘zi istagan kiyimda darsga boraveradi.
Bir yildan ziyod vaqt ota-onamdan uzoqda yashadim. Yaxshiyam internet bor ekan, deyarli har kuni uydagilar bilan gaplashib turdim. Ta’til bahona yaqinda uyga keldim. Ota-onam endi magistraturani shu yerda o‘qiysan, deyishyapti. Men esa tezroq xorijga ketgim kelyapti, sababi u yerdagi hayotga, kishilarning turmush tarziga o‘rganib qolibman.
Musofirlik odamni tarbiyalar ekan. Chet tilini bilganlar, dunyo kezib yurganlar keng fikrlashiga amin bo‘ldim.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.