SIUT talabalari Xalqaro yoshlar festivalida innovatsion loyihalarini taqdim etdi

Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida Xalqaro yoshlar festivali o‘tkazildi. Festivalda jahonning 120 mamlakatidan ikki ming nafardan ortiq yoshlar qatnashib, zamonaviy dunyoning dolzarb masalalarini muhokama qilishdi va o‘zlarining innovatsion loyihalarini taqdim etdi.

Mazkur anjumanda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti talabalari ham ishtirok etib, media va ta’lim sohalariga oid loyihalarini taqdim etishdi.

Jumladan, Samirjon Tursunov festivalning tashabbuslar taqdimoti shu’basida oliygoh bitiruvchilarining diplom, sertifikat va boshqa tasdiqlangan natijalarini jamlay oladigan yagona raqamli platforma yaratish loyihasini taqdim qildi. G‘oya ekspertlarda qiziqish uyg‘otib, xususan, “Avito” kompaniyasi vakillari ushbu ishlanmani istiqbolli va amaliy ahamiyatga ega loyiha sifatida baholadi.

Universitetning yana bir talabasi Farangiz Boboqulova madaniyatlararo tajribalarni takomillashtirish, akademik va kasbiy faoliyatga doir g‘oyaviy ishlanmalarini namoyish etdi.