Bilim amaliyotda: SIUT talabalari Janubiy Koreyaga safar qildi
Yaqinda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) huzurida faoliyat yuritayotgan Koreya texnologiyasi va madaniyati instituti (KITC)ning 16 nafar talabasi hamda 2 nafar ustozi Koreya Respublikasining Konyang universitetida malaka oshirish dasturida ishtirok etdi.
Ushbu safarning asosiy maqsadi talabalarni xalqaro ta’lim muhiti bilan yaqindan tanishtirish, xorijiy tajribani o‘rganish va ikki universitet o‘rtasidagi akademik aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Ayniqsa, KITC talabalari koreys tilini mahalliy, ya’ni «native speaker» mutaxassislardan o‘rganayotgani ushbu safarni amaliy jihatdan yanada samarali qildi. Talabalar olgan nazariy bilimlarini real muloqot jarayonida sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Malaka oshirish dasturi doirasida qator muhim yo‘nalishlar qamrab olindi. Jumladan, talabalar Konyang universitetining zamonaviy kampusi, yuqori texnologiyali laboratoriyalari va ta’lim tizimi bilan tanishdilar. Shuningdek, koreys tili bo‘yicha mashg‘ulotlar bilan bir qatorda «samulnori» an’anaviy musiqiy san’ati, milliy madaniyat va qadriyatlarga bag‘ishlangan amaliy darslar o‘tkazildi.
Dasturning madaniy-ma’rifiy qismi doirasida ishtirokchilar Buyo shahri hamda Cheonan mustaqillik memorial majmuasiga tashrif buyurib, Koreya davlatchiligi va tarixiga oid bilimlarini boyitdilar. Shuningdek, Konyang universitetining Tedjon shahrida joylashgan kampusida xalqaro talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.
Qayd etish joizki, mazkur tashrif 2025 yil dekabr oyida Konyang universiteti delegatsiyasining Samarqand shahriga amalga oshirgan tashrifiga javob sifatida tashkil etildi. O‘quv dasturi yakunida barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshirildi.