SIUT: To‘rt yillik shonli yo‘l va yuksak marralar sari qat’iy qadam

Samarqand shahridagi yoshlar markazida SAmarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) tashkil etilganligining to‘rt yilligi tantanali nishonlandi.

Ushbu sana universitetning qisqa davr ichidagi ulkan strategik yutuqlari sarhisobi bo‘ldi.

Tadbir avvalida namoyish etilgan «SIUT AI — Sun’iy intellekt bilan muloqot» videoroligi yig‘ilganlarni kelajak texnologiyalari olamiga yetakladi. Universitet rektori, professor Yusuf Abdullayev o‘z so‘zida asosiy maqsad vatan iqtisodiyotini yuksaltiradigan, dunyo bilan tillasha oladigan haqiqiy texnologlarni tarbiyalash ekanini ta’kidladi.

Tantana doirasida yil davomida o‘rnak bo‘lgan "TOP-12" ga kiritilgan talaba va fidoyi professor-o‘qituvchilar taqdirlandi. Yil davomida turli tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shundan so‘ng madaniy dastur boshlandi. SIUT ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Zulfiya Rashidova ijrosidagi «O‘zbekiston» qo‘shig‘i ilk bor premera qilindi.

O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, universitetning faxriy professori Xosiyat Bobomurodova qalamiga mansub «Iki avlod muloqoti» asaridan lavhalarning sahna ko‘rinishi namoyish etildi.

Tantanali tadbir SIUTning yangilangan madhiyasi bilan yakunlandi.