Bir quti, bir odat, katta o‘zgarish
yoxud tozalik odatdan boshlanadi
Chiqindini qayerga tashlashdan ko‘ra, uni qancha kamaytirish va qayta ishlash mumkinligi haqida o‘ylash — ekologik madaniyatning muhim belgisi.
Samarqandda o‘tkazilgan “Toza shahar” seminarida aynan shu masalalar muhokama qilindi.
Samarqand davlat chet tillar institutida mahalliy hokimliklar, ekologik tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, mahalla faollari va talaba-yoshlar ishtirokida “Toza shahar” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki hamda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Seminarda chiqindilarni manbada saralab yig‘ish, mas’uliyatli iste’mol, ularning miqdorini kamaytirish va qayta ishlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, “Zero Waste” — nol chiqindi tamoyillari, sirkulyar iqtisodiyotning afzalliklari va ekologik barqarorlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyatining o‘rni haqida fikr almashildi.
— Loyiha doirasida respublika bo‘ylab “Toza shahar” o‘quv kampaniyalari davom etmoqda, — dedi O‘zNNTMA viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Shoyim Kenjayev. — Samarqand viloyatida ham qattiq maishiy chiqindilarni alohida yig‘ish va saralash, mas’uliyatli iste’mol hamda aylanma iqtisodiyot masalalari keng muhokama qilinmoqda.
Kampaniya doirasida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun “Nol chiqindi” mavzusida genderga yo‘naltirilgan axborot-ta’lim materiallari tayyorlandi. Ekologik bilimlarni oshirishga qaratilgan ushbu materiallar respublikadagi 10 225 ta maktabga tarqatiladi.
Shuningdek, 10 ming nafar yoshni qamrab oladigan “Yoshlar mediakampaniyasi” yo‘lga qo‘yilmoqda. Unda interfaol kvizlar, videoroliklar, taqdimot va infografikalar orqali yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida 3 mingga yaqin aholi, 10 ming nafar yoshlar va 200 dan ortiq NNT vakillarining ekologik bilimlarini oshirish hamda aylanma iqtisodiyot tamoyillarini keng targ‘ib etish maqsad qilingan.
Muhokamalarda ta’kidlanganidek, tozalikni saqlash va chiqindi muammosini hal etish faqat tashkilotlar yoki mutasaddilarning emas, har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyatidan boshlanadi.
“Toza shahar” seminar-treninglarini Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.