Talaba dardi: Qog‘ozbozlikka qachon barham beriladi?
Mustaqil ish, referat, kurs ishi kabi talabalarning dars jarayonida yoki darsdan tashqari o‘zlashtirgan bilimlarini baholash, ko‘nikmalarini oshirishi lozim bo‘lgan bu tushunchalar bugun nimalarga xizmat qilyapti, qanday natija beryapti?
Talaba dars qoldirib, mavzularni o‘zlashtirishda ortda qoldi yoki darsdan tashqari mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanayotganligi, boringki, yil davomida qay darajada bilim va ko‘nikma orttirganini amalda ko‘rsatishi va baholanishi kerak, deylik. Bu jarayonni faqat qog‘ozda isbotlash, arzimagan imlo xatolaru texnik nosozliklarni to‘g‘rilash uchun otangga bor, onangga bor qabilida sarson qilish bugungi zamon talabiga to‘g‘ri kelmasligini bilib, bilmaganlikka olishdan nima naf?
O‘qituvchilar bu kabi holatlarda «Kishi yozgan ma’lumotini ko‘proq eslab qoladi», deya izohlab qo‘ya qolishadi. Xo‘sh, maqsad mavzuni talabaning yodida qoldirish ekan, nega uning og‘zaki aytib beradigan, eslab qolgan ma’lumotlariga, fanni qay darajada o‘zlashtirganiga emas, qog‘ozda texnik xato bor yoki yo‘qligiga e’tibor qaratiladi? Asl muddao talabaga bilim berishmi yoki «himoya qilingan», «yoqlangan» ishlarning bir necha kundan so‘ng hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmasligini, bundan na talabaga, na o‘qituvchiga foyda yo‘qligini bila turib, qog‘ozbozlik ortidan vaqt o‘tkazishmi?
Guvohi bo‘layotganimiz, ko‘pchilik holatlarda ko‘zbo‘yamachilikdan nariga o‘tilmay qolingani, o‘qib, nazariy va amaliy bilim orttirishiga emas, qog‘ozni «qanday to‘ldirgani»ga e’tibor qaratilayotganligi talabalarning ham, ulardan umidlari katta bo‘lgan ota-onalarning ham noroziliklariga sabab bo‘lyapti. Axir, yangi g‘oyalar ustida ishlash, olamshumul ishlarga qo‘l urishga harakat qilish, hech bo‘lmaganda, kasbining yetuk ustasi bo‘lish uchun ilm egallash o‘rniga internetdan tayyor ma’lumotlarni sahifa-sahifa ko‘chirish, soatlab o‘zi tushunmagan narsalarni qoralashdan boshi chiqmayotgan talaba kelgusida qanday mutaxassis bo‘ladi, undan katta natijalar kutish haqiqatga qanchalik yaqin?
Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, ularda talabalar tomonidan bajarilayotgan har bir ish aniq dalillarga asoslanib, qo‘l mehnati bilan bajarilgan ishlar nihoyatda qadrlanadi. Chunki har bir ish innovatsion loyihalarning yaratilishiga xizmat qiladi. Yillar davomida qilingan mehnatlarning samarasi esa nafaqat o‘ziga, balki butun dunyo taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.
Bizda esa aksariyat hollarda ko‘chirmachilikka asoslangan bu tizim o‘zini oqlamayotganligi kundek ravshan bo‘lib tursa-da, bunga panja ortidan qarash, yangicha uslublardan foydalanib, samarali yechim topish o‘rniga, ilmsizlik avj olishiga, talabalarning ham hafsalasi pir bo‘lib, kun o‘targa o‘qishiga sabab bo‘lyapti. Bu kabi qog‘ozdagina bajarilgan, amalda biror natija bermaydigan ishlarga barham berilmas ekan, jamiyatda ilmsizlik ortaveradi.
Gulinur Omonova.