Samarqandda yana bir "Talabalar turar joyi" ochildi
Bugun TATU Samarqand filialining 400 o‘rinli talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
Tadbirning ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Maxkamov va boshqa mas’ullar qatnashdi.
Respublikamizda ayni vaqtda 51 mingdan ortiq yoshlar IT yo‘nalishida ta’lim olyapti, - dedi vazir o‘rinbosari R.Karimjonov. – Afsuski, hali bu sohada sifat yaxshi emas. Joriy yilda 12 mingdan ziyod talaba IT yo‘nalishida oliy ta’lim muassasalarini bitiradi. Ularga yetarlicha ish joylari mavjud, faqat yoshlar bu sohada yanada ko‘proq o‘qishi, izlanishi lozim. Internet, kompyuter va yetarlicha bilim bo‘lsa, IT sohasi mutaxassisi uyda o‘tirib ham 2 ming dollar topa oladi. Bo‘lajak IT mutaxassislarini talabalar turar joyi bilan tabriklayman. Talabalarga yaratilayotgan bu kabi shart-sharoitlar kelajakda o‘z mevasini beradi, albatta.
Yangi talabalar turar joyi Samarqand shahar Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasida joylashgan bo‘lib, uning qurilishiga 26 mlrd. so‘m sarflandi. Davlat xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur bino to‘rt qavatdan iborat. Har bir xona to‘rt kishiga mo‘ljallangan, unda to‘rtta krovat, stol-stul, shkaf va alohida yuvinish xonasi mavjud. Shuningdek, har qavatda oshxona, kir yuvish xonasi bor. Talabalar yotoqxonada internetdan bemalol foydalanishlari mumkin.
- Yangi talabalar turar joyining foydalanishga topshirilgani biz uchun ancha yengillik bo‘ldi, - dedi kompyuter injiniring fakultetining multimedia texnologiyalar yo‘nalishi 1-kurs talabasi Sohiba Bo‘stonova. – Sababi, biz avtobusda filialga tegishli talabalar turar joyidan qatnardik. Bu yotoqxona esa shundoq o‘qish joyimizning yonidan qurildi.
Xurshida ERNAZAROVA.