Talabalar turarjoyi muammosiga nega yechim topilmayapti?

Oliy ta’lim muassasalarida kvotalarning oshishi talabalar turarjoyiga bo‘lgan talabni kuchaytirdi. Keyingi yillarda ehtiyojdan kelib chiqib, tadbirkorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turarjoylari qurilmoqda. Masalan, Samarqand shahri Rudakiy ko‘chasida davlat-xususiy sheriklik asosida uchta talabalar turarjoyi barpo etilgan.

- Bu yerda 1400 nafarga yaqin yigit-qiz istiqomat qiladi, - deydi talabalar turarjoyi ish yurituvchisi Sohiba Rahmonova. – Shundan, ming nafarga yaqini Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari bo‘lsa, qolgani Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ta’lim olayotgan yoshlardan iborat. Ushbu talabalar turarjoyi ikki yil oldin qurilib, foydalanishga topshirilgandi. Unda o‘tgan yili yashagan talabalar bu yil ham kelib, ijara shartnomalarini tuzishdi. Bizda talabalar turarjoyiga qabul an’anaviy tarzda tashkil etildi. O‘quv yili boshlangunga qadar barcha xonalarimiz to‘ldi.

Talabalar turarjoyida 2, 4, 6 kishilik xonalar mavjud bo‘lib, har birida shkaf, stol, stul, krovat va yuvinish xonalari bor. Har bir qavatda alohida oshxona, kir yuvish xonasi mavjud. Bundan tashqari, darsxona, kutubxona, ma’naviyat xonasi ham tashkil etilgan. Internet uchun wi-fi qurilmasi ham o‘rnatilgan.

Talabalar turarjoyida oliy ma’lumotli pedagog, psixolog tarbiyachilar faoliyat yuritadi. Ular bevosita yoshlar bilan ishlaydi va ularni nazorat qiladi. Hududga begona kishilar kiritilmaydi.

- Qarshi shahridanman, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universitetining 3-bosqich talabasi Hulkar Rahmatullayeva. – Birinchi kursdan buyon ushbu talabalar turarjoyida ikki kishilik xonada opam bilan turaman. Yotoqxonada talabalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Oyiga turarjoy uchun 770 ming so‘m to‘layman. Ijara shartnomasiga ko‘ra, davlat tomonidan menga har oy 206 ming so‘m to‘lab beriladi.

Darhaqiqat, davlat oliy ta’lim muassasalarining faqat kunduzgi ta’lim shaklida, ijara huquqi asosida yashaydigan talabalarga ijara pulining bir qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda talabaning davlat granti yoki kontrakt asosida tahsil olishidan qat’i nazar to‘lov amalga oshiriladi. Talabalarga ijara puli uchun Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (412 ming so‘m), qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (206 ming so‘m) to‘lab beriladi.

Faqat xorijiy hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim olayotgan talabalar bunday imtiyozdan foydalana olmaydi.

Shuningdek, har yangi o‘quv yili oldidan oliy ta’lim muassasalarida talabalarga ijara uylari topib berishga ko‘maklashadigan markazlar tashkil etiladi. Bunday markaz xodimlari oliy ta’lim muassasasi joylashgan hudud atrofidan ijara uylari topib, talabalarga tavsiya qiladi.

- Universitetimizning bakalavriat yo‘nalishida 13 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universitetining davolash ishi fakulteti tyutori Muyassar Husanova. – Bizda 2600 o‘ringa mo‘ljallangan beshta va davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan 1000 o‘rinli bitta talabalar turar joyi mavjud. Universitet yotoqxonalaridan 1700 o‘rin xorijdan kelgan yoshlar, qolgan 900 o‘rni mahalliy talabalarga ajratilgan. Bu yil mahalliy talabalar tomonidan turarjoy uchun 1200 ta ariza kelib tushgan. Ulardan 900 tasi qanoatlantirildi, ya’ni uzoq hududdan kelib tahsil oluvchilar, ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lganlar, kam ta’minlangan oila farzandlari va nogironligi bor talabalar birinchi navbatda yotoqxona bilan ta’minlandi. Qolgan 300 nafariga ijara uylari topishga ko‘maklashildi. Yotoqxonalarimizda 65 nafar talaba bepul, 128 nafar talaba 50 foizli chegirma asosida istiqomat qiladi.

2024-2025 o‘quv yilidan boshlab davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalar turarjoyiga joylashish onlayn shaklda amalga oshirilmoqda. Buning uchun talabalar 1 avgustdan boshlab ariza beradi. Arizalar o‘quv yili davomida ham qabul qilinadi.

Bunda yoshlar ustuvorlik asosida talabalar turarjoyiga qabul qilinadi. Birinchi navbatda, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yigit-qizlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari, I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar joylashtiriladi. So‘ngra birinchi bosqichda o‘qiydiganlar, uzoq hududdan kelgan yuqori kurs talabalari turarjoy bilan ta’minlanadi.

Turarjoy yetmaganlarga oliy ta’lim muassasasi tomonidan tashkil etilgan markaz xodimlari ijara uylari topib berishga ko‘maklashadi. Masalan, oliy ta’lim muassasasi atrofidagi uylar mas’ullar ishtirokida ko‘zdan kechirilib, talabalarni ijaraga qo‘yish istagini bildirgan xonadon egalaridan iborat ro‘yxat shakllantiriladi va QR-kod orqali ijara xonadonlari haqida to‘liq ma’lumot beriladi.

Ammo turar joyga bo‘lgan ehtiyojning ko‘pligidan yaqin tumanlarda yashovchi talabalarning ko‘pchiligi bugun shaxsiy mashinada yoki taksida o‘qishga qatnaydi. O‘quv yili boshlanishi bilan yo‘llarda sodir bo‘layotgan tirbandliklarning sababi ham shunda.

Samarqand davlat tibbiyot universitetida 13 mingdan ortiq yoshlar o‘qishini hisobga olsak, jami 3600 o‘rinli talabalar turarjoylari kamlik qiladi, albatta. Qolgan 9400 nafar talabaning 400 nafari uyidan yoki qarindoshinikida turib qatnagan taqdirda ham 9 ming nafari ijara uylarda yashaydi.

Samarqand shahrida eng katta oliy ta’lim muassasalaridan biri Samarqand davlat universiteti bo‘lib, unda 16 mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.

Bugun universitetning 948 o‘rinli 3 ta davlat hamda 1550 o‘rinli 4 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi talabalar turarjoyi mavjud. Bu yil talabalar turarjoyiga 2593 ta ariza kelib tushgan. Ulardan 948 nafari yotoqxonalar bilan ta’minlangan. Qolganlar davlat-xususiy sheriklik asosidagi talabalar turarjoyiga va ijara xonadonlariga joylashtirilgan. 2564 nafar talabaga ijara uylari topib berilgan.

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida 844 o‘rinli 2 ta davlat tasarrufidagi hamda 750 o‘rinli 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi talabalar turarjoyi mavjud.

Universitetning kunduzgi ta’lim shaklida 3307 nafar talaba tahsil olmoqda. Oliy ta’lim muassasining talabalar turarjoyiga hozirda 844 nafar o‘ringa 892 ta ariza kelib tushgan. 1394 nafar talaba davlat va DXSh asosida qurilgan talabalar turarjoylariga, 492 nafar talaba ijara xonadonlariga joylashtirilgan. Ulardan 123 nafari 50 va 10 foizlik imtiyoz asosida universitet yotoqxonasida istiqomat qilmoqda. Imtiyozli to‘lov talabalarning ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib belgilanadi.

Shu o‘rinda aytish kerak, davlat-xususiy sheriklik asosidagi talabalar turarjoylarida onlayn qabul yo‘q. Talabalar turarjoyini borib ko‘rib, so‘ngra ariza berib joylashadi. Ijara uylarida esa talabalar turarjoylaridagidek sharoit bo‘lmasligi mumkin.

To‘g‘ri, keyingi yillarda viloyatda davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turarjoylari qurildi va qurilmoqda. Ammo talabalar safi ham yildan yilga kengaymoqda va bu masala muammoligicha qolyapti. Har bir oliy o‘quv yurti talabalarining hech bo‘lmaganda, 50 foizini zarur sharoitga ega turarjoy bilan ta’minlasak, maqsadga muvofiq bo‘larmidi?!

Xurshida ERNAZAROVA,

Fazliddin RO‘ZIBOYeV (surat).