Talabalarni qiynayotgan turarjoy muammosi qanday hal bo‘lyapti?
Keyingi yillarda yangi oliy ta’lim muassasalarining ochilishi, qabul kvotalarining oshirilishi talabalar turarjoyiga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘ldi.
Bu muammoning yechimi sifatida 2021 yil 9 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining «Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turarjoy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turarjoylari qurishga ruxsat berildi.
2022-2025 yillarda Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarida davlat-xususiy sheriklik asosida jami 25 ta talabalar turarjoyi qurish belgilandi. Bundan tashqari, talabalarni turarjoy bilan ta’minlash maqsadida oliy ta’lim muassasalari yaqin mahallalar bilan hamkorlikda ijara uylari topish, talabalarni ijara uylariga joylashtirish kabi faoliyat bilan ham shug‘ullanyapti. Xo‘sh, bugun viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida talabalar turarjoyiga bo‘lgan talab qay darajada qondirilyapti? Haqiqatda talabalar turarjoylari qurilyaptimi? Shu kabi savollarga oliy o‘quv yurtlaridan javob izladik.
Samarqand davlat chet tillar institutidagi 5 ta talabalar turarjoyi 2020 o‘ringa mo‘ljallangan. Institutda 11594 nafar talaba bo‘lsa, ulardan 8289 nafari kunduzgi ta’lim shaklida tahsil oladi. Ularning 2020 nafari talabalar turarjoyida, 3073 nafari o‘z uyi yoki yaqin qarindoshinikida istiqomat qiladi. Turarjoyga ehtiyoji bor talabalar uchun institut atrofidan 700 ga yaqin ijara xonadonlari tayyorlanib, talabalar joylashtirilgan.
Shuningdek, institutda talabalarni ijara xonadonlariga va talabalar turarjoylariga joylashtirish uchun markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Markaz xodimlari institut yaqinidagi mahallalar bilan hamkorlikda zaxira ijara xonadonlarini topishda yordam bermoqda.
Bundan tashqari, institutning Samarqand shahar Gagarin ko‘chasi 43-uy manzilidagi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turarjoyi qurilmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida shu kunga qadar 850 o‘rinli ikkita talabalar turarjoyi mavjud edi. Yangi o‘quv yilida davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli uchinchi talabalar turarjoyi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, universitet hovlisida yana davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 300 o‘rinli talabalar turarjoyi qurilmoqda.
Bugungi kunda universitetda 3878 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 1250 nafari talabalar turarjoyida istiqomat qilsa, 573 nafari ijara xonadonlarida, qolganlari o‘z xonadoni yoki qarindoshining uyida yashaydi.
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida 10465 nafar talaba bo‘lsa, 6388 nafari kunduzgi, 1451 nafari kechki, 2415 nafari sirtqi ta’lim shaklida o‘qiydi. Institutda 1200 o‘rinli 4 ta talabalar turarjoyi mavjud. Talabalarning turarjoyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turarjoyi qurilmoqda va joriy yilning oktyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Mavjud barcha talabalar turarjoylarida oshxona, kir yuvish xonalari, yuvinish xonalari va hojatxonalar yangidan dizayn qilinib, jihozlangan. Talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida har bir yotoqxonada ma’naviyat, tikuvchilik, kompyuter, sport zal va tibbiyot xonalari mavjud. Turarjoylar sig‘imidan kelib chiqib, 660 ta o‘rin qizlar, 190 ta o‘rin o‘g‘il bolalar va 350 ta o‘rin turli imtiyozga ega talabalar uchun ajratilgan.
Institutda «Talabalar turarjoylari va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi» tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar mazkur markazga yotoqxonalar bo‘yicha 1033 ta, ijara xonadonlari bo‘yicha 862 ta ariza kelib tushgan. Institut yaqinida joylashgan 203 ta ijara uylari haqida ma’lumotlar bazasi shakllantirilgan. 2 mingdan ortiq talaba ijara xonadonlariga joylashtirilgan.
Afsuski, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishi rejalashtirilgan talabalar turarjoylarining hammasi ham muammosiz, vaqtida qurilayotgani yo‘q. Masalan, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida yuqorida keltirilgan qarorga ko‘ra, 2022 va 2024 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 2 ta, ya’ni o‘z hududida hamda viloyat hokimligi tomonidan ajratilgan yer maydonida 1 tadan talabalar turarjoyi qurilishi belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2022 yilda qurilishi rejalashtirilgan talabalar turarjoyi uchun institutning Samarqand shahri, Shohrux ko‘chasi 41-uy manzilidagi o‘z hududidan 0,3 gektar yer maydoni ajratilgan. Mazkur hududda joylashgan institut binosi (magistratura bo‘limi binosi) tarixiy bino ekanligi sababli qurilishga ruxsat berilmagan. Mazkur hududda ikki qavatdan baland bino qurilishi mumkin emasligi ma’lum bo‘lgach, 400 o‘rinli talabalar turarjoyi qurilmagan.
Shuningdek, qarorga asosan institutga viloyat hokimligi tomonidan 1,5 kilometr masofada davlat-xususiy sheriklik asosida talabalar turarjoyi qurish uchun joy ajratilishi belgilangan. Ammo hozirgi kunga qadar yer maydoni masalasi yechilmaganligi sababli o‘z hududidan yer maydoni ajratadigan salohiyatli tadbirkorlarni jalb qilish ishlari olib borilyapti.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi 563-sonli qaroriga asosan, davlat oliy ta’lim muassasasining buyurtmasi va tadbirkorlik sub’yektining tashabbusi asosida tadbirkorga tegishli yer maydoni yoki binoda kamida 50 o‘rinli talabalar turarjoylarini tashkil etish tizimini joriy etish belgilangan. Aynan shu maqsadda «Samarqand Sheben klass» MChJ tomonidan Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasi 229-uy manzilida 600 va 240 o‘rinli talabalar turarjoyini institut talabalari uchun qurish loyihasi tayyorlangan. Ushbu MChJ bilan hamkorlikda talabalar turarjoyi binosini qurish va jihozlash konsepsiyasi hamda tadbirkor mulkidan foydalanish to‘g‘risidagi bitimlar rasmiylashtirilgan. Yuqoridagi MChJ yotoqxonaning 240 o‘rinli qismini 2023-2024-o‘quv yilida foydalanishga topshirgan, qolgan qismini joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda.
Institutda 2024-2025-o‘quv yilida jami 8847 nafar talaba tahsil olmoqda. Shundan 3636 nafari kunduzgi ta’lim yo‘nalishida o‘qiydi. Institutda hozircha bitta - 375 o‘rinli talabalar turarjoyi mavjud.
Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi belgilangan talabalar turarjoylarining barchasi qurib, foydalanishga topshirilsa, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalarning turarjoyga bo‘lgan ehtiyoji qisman qoplanadi. Har holda oliy ta’lim muassasalarining 40-50 foiz talabalari yotoqxona muammosidan qutuladi.
Xurshida Ernazarova.