“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining 400 o‘rinli yotoqxonasi foydalanishga topshirildi
Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan bino Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi hududida joylashgan.
- Talabalar turar joyi “Z-P-A” oilaviy korxonasi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etildi, - deydi universitet reja-moliya bo‘limi yetakchi mutaxassisi Alisher Shamsiddinov. - Loyiha qiymati 25,4 milliard so‘m bo‘lib, shundan 12 milliard so‘mi davlat subsidiyasi, qolgan mablag‘ esa xususiy sherik hissasi hisoblanadi. Besh qavatda ham oshxona, kir yuvish va boshqa xonalar mavjud. Binoga tutash hududda mini futbol stadioni, basketbol maydoni qurilgan.
- Universitetning gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyat yo‘nalishida o‘qiyman, - deydi jizzaxlik Surayyo Mamirova. – Yotoqxona yo‘qligi uchun 400 ming so‘m pul to‘lab 10 kishigacha bitta xonada ijarada turardik. Yotoqxona qurilgach, bu muammolardan qutuldik. Xonalar shinam, issiq, dars qilish, sport bilan shug‘ullanish, dam olish uchun zarur sharoit yaratilgan.
Yotoqxona binosi ochilish tadbirida universitet rektori - Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.
Ma’lumot o‘rnida: Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yildan 2025 yilga qadar Samarqand viloyatida 10 ming o‘rinli 25 ta talabalar turar joyi qurish rejalashtirilgan.