Mustaqil o‘rganish – biz uni qay darajada o‘zlashtiryapmiz?
O‘zligini anglagan inson komillikka yetish uchun beshikdan qabrgacha ilm izlaydi. Bugun bilim olish muammo emas, ilmni istalgancha topish mumkin. Faqat inson o‘zida bilim olishga rag‘bat topishi va mustaqil o‘rganishi kerak. To‘g‘ri, vaqtim yo‘q deydiganlar ko‘p. Vaqtning jilovidan tutish har kimning o‘ziga bog‘liq.
E’tibor bersangiz atrofimizda har bir daqiqasidan samarali foydalanib, bilim olishga intilayotgan kishilar talaygina. Nafaqat yoshlar, balki kattalar ham o‘zi qiziqqan sohani yanada mukammal o‘rganishga astoydil kirishmoqda. Bunda ijtimoiy tarmoqlarning ko‘magi beqiyosdir. To‘g‘ri, ijtimoiy tarmoqlardan behuda foydalanayotganlar ancha. Aslida undan to‘g‘ri va samarali foydalanayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi.
Masalan, “Ibrat Farzandlari” ilovasi chiqqach, undan foydalanuvchilar soni ortib ketdi. Xo‘sh, bu qanday loyiha? “Ibrat Farzandlari” xorijiy tillarni malakali ustozlar bilan bepul, oson va kreativ usulda o‘rgatadigan keng ko‘lamli loyiha bo‘lib, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2022 yilning noyabr oyida ishga tushgan.
“Ibrat Farzandlari” loyihasida 24 ta xorijiy tillar, ya’ni ingliz, o‘zbek, rus, turk, nemis, ispan, xitoy, koreys, yapon, arab, italyan, hindiy, fransuz, qoraqalpoq, fors, malay, urdu, dariy, ozarbayjon, pashtu, vetnam, tojik, grek tillari va savodxonlik darslari o‘qitiladi. Mazkur tillarni o‘rganishni istovchilar Ibrat Academy ilovasini telefoniga yuklab olib, istalgan vaqtda malakali ustozlar ishtirokida olingan videodarsliklarni ko‘rishi, berilgan topshiriqlarni bajarib, tilni o‘zlashtirib borishi mumkin.
“Ibrat Academy” – 20 dan ortiq xorijiy tillar bo‘yicha videodarsliklarni bir joyda jamlagan ilova bo‘lib, unda o‘quvchilar videodarslarni ko‘rishi, 8 turdagi test topshiriqlarini bajarishi, darslarni muvaffaqiyatli yakunlaganlar esa o‘rgangan tili bo‘yicha sertifikat olishlari mumkin. Bundan tashqari, til o‘rganuvchilar darslarni YouTube, instagram, telegram orqali ham ko‘rib borishi mumkin.
Fakt va raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “Ibrat Farzandlari” loyihasi orqali til o‘rganuvchilar soni 2 664 183 nafarga yetgan. 2 125 533 nafar foydalanuvchi esa til sertifikati olgan. Mazkur raqamlardan biz nimani anglaymiz? Ijtimoiy tarmoqlar orqali bilim olayotgan yurtdoshlarimiz borligini va ular mustaqil ravishda vaqtidan unumli foylanayotganini tushunamiz.
Shu o‘rinda bir misolga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bundan bir yil oldin “Millat Umidi” podkastida Sirdaryoda yashovchi Xurshida Egamberdiyeva ismli uy bekasi intervyu berdi. Uning uch nafar farzandini bo‘lib, turmush o‘rtog‘i bevaqt olamdan o‘tgan, o‘zi ro‘zg‘orini qiynalib tebratayotgan ekan. “Ibrat Farzandlari” loyihasi chiqqach, ayol undan ingliz va koreys tillarini o‘rgana boshlabdi va o‘rganganlarini farzandlariga o‘rgatibdi. Keyingi darsdan qo‘shnining ikki nafar bolasi ham qo‘shilibdi. Ko‘p o‘tmay o‘quvchilar soni 80 nafarga yetibdi. Shunda Yoshlar Ishlari Agentligining rahbari Alisher Sa’dullayev bu haqda eshitib, “Sizga hamma sharoitlarni yaratib beramiz”, debdi.
Ayolning turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda qurgan uylari bo‘lib, hali bitmay qolgan ekan. O‘sha bitmay qolgan xonalarni tuman hokimligi o‘quv markazga moslab ta’mirlab, jihozlab beribdi. Ayol tunni tongga, tongni tunga ulab, o‘n oyda ingliz va koreys tilini o‘rganibdi. E’tibor qilyapsizmi, yoshlar bitta tilni 2-3 yil o‘rganadi. Bu ayol esa ham ro‘zg‘or tebratib, dalada ishlab, ham qisqa muddatda ikkita tilni o‘zlashtiribdi.
X.Egamberdiyeva nafaqat chet tili, balki o‘quvchilarni kitob mutolaasiga, vatanparvarlikka, vatanni sevishga o‘rgatibdi. O‘zi ko‘p kitob o‘qiganidan bolalarni til o‘rganishga qiziqtirish uchun 120 ta o‘yin, ya’ni metod o‘ylab topibdi. Natijada o‘quvchilarning samaradorligi 100 foizga oshibdi.
Asli tojikistonlik bo‘lgan bu ayol 8-sinfligida ota-onasi bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Maktabni va litseyni a’lo baholarga tugatgan, ammo fuqarolik pasporti ololmagani uchun oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshira olmagan. Ayoldagi ilmga bo‘lgan qiziqish yillar davomida so‘nmagan, aksincha u 19 yil davomida o‘z ustida ishlagan, o‘qib-o‘rganishdan to‘xtamagan. Uning Hasan, Husan o‘g‘illari ingliz tilini o‘rganib olgach, “Ustoz AI” bepul platformasidan IT sohasida bilim olibdi va ma’lum bir darajaga erishibdi.
Oddiy qishloq ayoli bilim ortidan turmushi yaxshilanibdi, o‘g‘illari yosh bo‘lsa-da, pul topadigan IT mutaxassislari bo‘libdi. Inson mustaqil o‘rganib ham o‘zi istagan kasbda yutuqlarga erishishi mumkinligini Xurshida Egamberdiyeva isbotlab berdi.
Maktab o‘qituvchilari imkoniyatlardan foydalanyapti(mi?)
Maktab o‘qituvchilari ham bugun ancha faol, o‘z ustida tinmay ishlayapti, milliy va xorijiy sertifikatlarni qo‘lga kirityapti. Albatta, rag‘bat bor joyda harakat ham bo‘ladi. Fan sertifikatlarini qo‘lga kiritgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga qo‘shimcha ustama beriladi. Shuning uchun ham keyingi yillarda o‘qituvchilar astoydil o‘z ustida ishlayapti.
- Ona tili va adabiyot fanidan sertifikat olish uchun uch marta urindim, - deydi Jomboy tumanidagi 48-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Nasiba Faxriddinova. - Boshida tayyorgarlik ko‘rmasdan imtihon topshirdim va V daraja oldim. C, C+ va B darajalarga ustama to‘lanmaydi. Keyin astoydil tayyorlandim, buning uchun maxsus sertifikatga tayyorlaydigan telegram guruhlarga qo‘shildim, o‘qidim, izlandim. Mendagi harakatni ko‘rgan ba’zi tanishlarim ustimdan kulishdi. Ammo men maqsadimdan qaytmadim. Nihoyat shu yilning mart oyida ona tili va adabiyot fanidan A darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdim. Mart oyidan maoshimga 50 foiz ustama qo‘shildi va ish haqim 8 million so‘m bo‘ldi. Endi kuzgi attestatsiya imtihoniga tayyorlanyapman. Nasib bo‘lsa attestatsiyadan 86 ball to‘plab, 70 foizlik ustamaga erishmoqchiman. Biz o‘qituvchilarga davlatimiz shuncha imkoniyat yaratib qo‘ygan ekan, nega undan foydalanmaslik kerak? Albatta, barcha imkoniyatlardan foydalanmoqchiman.
Pedagoglar fanlardan sertifikat olish yoki attestatsiya imtihonlaridan o‘tish maqsadida ham o‘z ustida ishlayapti, mustaqil izlanyapti. Hatto malakali pedagoglar ijtimoiy tarmoqlarda hamkasblariga ko‘mak beryapti. Bir so‘z bilan aytganda, o‘z kasbini yaxshi ko‘radigan pedagoglar hukumatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan foydalanyapti.
O‘n uch mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
Milliy va xorijiy sertifikatga ega bo‘layotgan yoshlar ham yildan yilga ko‘paymoqda. Masalan, 2026-2027 o‘quv yili uchun jami 677 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilingan. 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan. Bir yilda kuzatilayotgan bunday o‘zgarish beixtiyor kishini quvontiradi. Mana, yoshlar ham astoydil o‘qiyapti, izlanyapti.
Shu o‘rinda bir narsaga to‘xtalib o‘tsak. Bu yil abituriyentlarning 230 ming 935 nafari, ya’ni 37,5 foizi 56,7 dan (maksimal ballning 30 foizi) past ball to‘plagan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yillardagiga nisbatan sezilarli yaxshilangan. Masalan, 56,7 balldan past to‘plagan abituriyentlar ulishi 2024 yilda 46,9 foiz, 2025 yilda 41,2 foiz, 2026 yilda 37,5 foiz bo‘lgan.
Shuningdek, davlat granti bo‘yicha o‘rtacha o‘tish balli 134,6 ball, to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa 93,7 ballni tashkil etgan. O‘tgan yili bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 121,8 va 84,9 ball bo‘lgan.
Ta’lim tizimida erishilgan katta natijalardan biri odamlar ongining o‘zgarishi bo‘ldi. Endi ota-onalar farzandini tanish-bilish, pul bilan davlat oliy ta’lim muassasasiga kiritib bo‘lmasligini tushunib yetdi. Yoshlar ham qo‘shimcha darslarga qatnab, o‘zi istagan kasbga erishish uchun harakat qilyapti. Ba’zi yoshlarning qo‘lga kiritayotgan yutuqlaridan havas qilsak arziydi. Masalan, yaqinda bir podkastda biri 18, ikkinchisi 16 yashar qizlarning IT sohasida amalga oshirayotgan ishlari hatto Amerikadagi nufuzli ta’lim dargohidan o‘qishga taklif qilinganini ko‘rib qoldim. Qizlar o‘zlari mustaqil ravishda IT sohasini o‘rganib, xorijiy loyihalarda qatnashib, katta natijalarni qo‘lga kiritayotgan ekan. Bunday misollarni bugun ijtimoiy tarmoqlarda istalgancha topish mumkin. Bu nimadan darak? Bu ta’limga berilayotgan e’tibor, ta’limdan boshqa najot yo‘qligini anglayotgan yoshlarimiz yetishib chiqayotganidan darakdir.
Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni ko‘proq bilim olishga, vaqtidan unumli foydalanishga undovchi videodarslar ham bor. Masalan, yutubda 105 ming obunachisi bor Doniyor Nasriddinovning “Siz qanday to‘g‘ri dars qilishni bilmaysiz (buni to‘g‘rilaymiz)” nomli videodarsini ko‘rib qoldim.
- Ilm olishdan avval diqqatni bir joyga jamlamagan o‘quvchi darsdan keyin atigi 20 daqiqadan so‘ng o‘rganganlarining 40 foizini, bir soatdan keyin 58-60 foizini, 24 soatdan keyin 70-80 foizini unutib yuboradi. Bu judayam qo‘rqinchli statistika. Men sizlarga ilm olish samaradorligining 10 marta oshirishni o‘rgatmoqchiman, - deydi D.Nasriddinov. U videodars davomida kam vaqt sarflab ko‘p ilm olish sirlarini tushuntirib bergan.
Bugun bu kabi videodarslarning ko‘payotgani yoshlarning o‘z ustida mustaqil ravishda ishlashga undayapti, ilm olishga rag‘batni kuchaytiryapti. Nafaqat yoshlar, balki kattalar ham mustaqil ravishda o‘zi qiziqqan sohada nimadir o‘rganyapti. Vaqtdan unumli foydalanib, o‘z ustida ishlayotganlar muvaffaqiyatlarga erishadi va erishyapti ham. Faqat ish, uy ishlari bilan bo‘lib hech narsa o‘rganmayotganlar zamondan ortda qolganlardir.
Ba’zida ilmning ichida ilmsiz yurganlarni ham ko‘rib qolyapmiz. Ayrimlar ilmiy ish qilyapman deb, birovlarga yozdirayotganini eshitib qolyapmiz. Mayli bu ularning tanlovi. Dunyoda har qanday soxtalik bir kuni pand berishi, odamni uyaltirib qo‘yishi hech gap emas. Masalan, bir kuni tahririyatimizga oliy ta’lim muassasalarida ishlovchi ayol (ism-familiyasini keltirmadik) Imom Buxoriy haqida maqola yozib yuboribdi. Maqolani o‘qigach, Imom Buxoriy haqida ilmiy ish yozayotgan “olima” u zot haqida hali hech narsani bilmasligini angladim va biroz yo‘nalish berib, maqolasini qaytarib berdim. Afsuski, oramizda olimlik maqomiga da’vo qilayotganlarning hammasi ham izlanmayapti, o‘qib, o‘rganmayapti. O‘z ustida astoydil ishlab, mustaqil o‘qib-o‘rganayotganlar yuqoridagi misollarimiz singari o‘z maqsadiga yetyapti.
Xo‘sh, siz qaysi toifaga mansubsiz: mustaqil o‘rganuvchimisiz yoki hech narsa o‘rganmayotganlar toifasidan? Xulosa o‘zingizdan.
Xurshida Ernazarova.